Eʼtibor va ragʻbat — ezgu fazilat
Muhtojga koʻmak qoʻlini uzatish, bir-birovini ayash, oʻzaro xayrixohlik xalqimizga xos fazilat.
Muhtojga koʻmak qoʻlini uzatish, bir-birovini ayash, oʻzaro xayrixohlik xalqimizga xos fazilat. Muborak ayyom kunlari millatimizga xos boʻlgan bu fazilat oʻzining bor boʻynini yana-da toʻliqroq namoyon etmoqda.
Qurbon hayit bayrami arafasida yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni buning yana bir amaliy isboti boʻldi.
Aslida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash masalalari mamlakatimizda doimiy eʼtiborda boʻlib kelgan. Yurt boshiga ish tushgan ogʻir damlarda ham davlatimiz tomonidan kamxarj, qoʻli qisqa xonadonlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotganlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Mahallamizda istiqomat etayotgan aholining ijtimoiy-moddiy ahvoli turlicha. Shunday murakkab bir davrda koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati shakllantirilib, ularga muttasil yordam koʻrsatib kelinmoqda. Kimgadir ishga joylashishda, boshqa xonadonga oziq-ovqat, dori-darmon tarzida eʼtibor qaratilyapti. Muhtoj nuroniylarga hovli-joyini taʼmirlab berishga imkon qadar harakat qilyapmiz. Baʼzan esa qaysidir oilalar toʻgʻri yoʻl-yoʻriqqa, chin yurakdan bildirilgan samimiy nasihatiga muhtoj boʻlishi ham sir emas. Imkon qadar bunday oilalarni ham oʻz muammosi girdobidan chiqarib olishga yordam koʻrsatmoqdamiz. Bu esa oilalar buzilishi, er-xotin, qudalar, qaynona-kelin munosabatlarini toʻgʻri oʻzanga solib yuborishda juda qoʻl kelmoqda.
Ulugʻ ayyom arafasida odamlar oʻrtasidagi ginalarning unutilishi, oʻziga toʻq xonadonlar muhtojlarga yordam koʻrsatishidek anʼana bizning mahallada ham anʼanaga kirgan.
Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan farmoni mehr, saxovat, ezgulik kabi eng olijanob qadriyatlar tobora keng quloch yozib borayotganidan darak beradi. Bunday eʼtibordan oddiy, kamxarj xonadonlar qanchalik quvonayotganini tasavvur etish qiyin emas. Bularning bari eng murakkab davrda ham qiynalgan oilalar davlat, jamiyat eʼtiborida ekanining yana bir amaliy isbotidir.
Manzuraxon Valiyeva,
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Yangiobod” MFY raisi.