“E-auksion” platformasi: 9 oyda 116 mingdan ziyod ob’ekt savdoga chiqarildi
Davlat aktivlarini elektron savdolar orqali realizatsiya qilish jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish tobora kengayib boryapti. Bu jarayonda “E-auksion” platformasi asosida savdolarni tashkil etish, ob’ektlar haqida ma’lumot olish va xarid jarayonida ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligida o‘tkazilgan Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida elektron savdolar yo‘nalishidagi natijalar va platformani rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirda agentlikning 2026-yil 9 oylik faoliyati, xususiylashtirishning yangi mexanizmlari hamda kengashning kelgusi vazifalari ko‘rib chiqildi.
Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishda Jamoatchilik kengashining ahamiyatini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali 116 ming 784 ta ob’ekt savdoga chiqarilgan. Shundan 52 ming 256 tasi realizatsiya qilingan. Elektron savdolarda ishtirok etgan foydalanuvchilar soni esa 3 million nafardan oshgan.
Platforma imkoniyatlarini kengaytirish doirasida lotlarni tahlil qilishda sun’iy intellektdan foydalanish, ob’ektlarni xarita orqali ko‘rish, mavjud takliflarni taqqoslash va o‘xshash lotlarni izlash funksiyalari taqdim etilgan.
Shuningdek, “E-auksion” platformasining yangilangan veb-versiyasi va mobil ilovasini ishga tushirish rejalari ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda elektron savdolar bilan bir qatorda davlat aktivlarini xususiylashtirish natijalari ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, 2026-yilning 9 oyida xususiylashtirish hajmi 26 trillion so‘mni tashkil etgan. Shu davrda umumiy qiymati 53,2 trillion so‘mlik aktivlar va yer uchastkalari savdoga chiqarilgan.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, Jamoatchilik kengashi a’zolariga Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi farmonida belgilangan yangi mexanizmlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Unda tadbirkorlar uchun xarid qiymatining 15 foizi miqdorida avans to‘lash, qolgan summani foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilgan. Belgilangan shartlar asosida 25 foizgacha chegirma olish imkoniyati ham mavjud.
Yig‘ilish yakunida Kengash faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA