Dzyudo: Olipiada oldidan muhim g‘alaba
Vengriyaning Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha deyarli bir hafta davom etgan jahon chempionati yakunlandi.
E’tiborli jihati, mazkur nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli dzyudochilari safida mamlakatimiz sportchilari munosib ishtirok etishdi.
-90 kg vazn toifasida jahon chempionligi va Tokio olimpiadasi reyting ochkolari uchun maydonga chiqqan hamyurtimiz Davlat Babanov saralash bahslarining barchasini g‘alaba bilan yakunlab, dunyo birinchiligining kumush medali hamda olimpiya o‘yinlarining 1400 ochkosini qo‘lga kiritdi.
Mahoratli sportchimiz oltin medal uchun o‘tkazilgan hal qiluvchi bellashuvda kelib chiqishi gruziyalik bo‘lgan Ispaniya terma jamoasi a’zosi, jahon chempioni Nikoloz Sherazadishviliga qo‘shimcha bo‘limda ochkolar evaziga «yo‘l berib», kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolaridan -52 kg vaznda Diyora Keldiyorova, -73 kg.da Hikmatullo To‘rayev va Sharofiddin Boltaboyevlar kuchli beshlikdan o‘rin egallashdi.
Mamlakatimiz dzyudochilari endi jamoaviy bahslarga kirishishadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, vakillarimiz ilk bosqichda Vengriya terma jamoasiga qarshi gilamga chiqishadi.