Dzyudo: Italiyada O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘ldi
Italiyaning Olbiya shahrida 70 dan ziyod davlatning 500 nafarga yaqin mahoratli sportchisi ishtirok etayotgan dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati poyoniga yetib bormoqda.
9 oktyabr kuni dunyo birinchiligining 4 ta vazn toifasida so‘nggi bellashuvlar o‘tkazildi.
Chempionatning to‘rtinchi kuni sifatida tarixga muhrlangan musobaqalarda qizlar 78 va +78 kg.da, o‘g‘il bolalar bo‘lsa, 100 va +100 kg vazn toifalarida bahslashishdi.
Unda mamlakatimiz vakillarining 5 nafar sportchisi o‘z vaznlarida kurash olib bordi. 100 kilogramm vaznda ikki sportchimiz – Suhrob Rajabov va O‘tkirbek To‘raboyev, +100 kg.da Shohrux Mamarasulov, qizlardan 78 kg.da Irisxon Qurbonboyeva hamda +78 da Fotima Kuramboyeva tatamiga chiqishdi.
Aytish lozimki, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi kurashlarda uchala sportchimiz ham yarim finalgacha bo‘lgan bahslarni mag‘lubiyatsiz davom ettirishdi.
Ular murosasiz bellashuvlarda Qozog‘iston, Slovakiya, Meksika, Braziliya, Kanada kabi qator davlatlarning kuchli raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi. Rossiya, Gruziya, Germaniya dzyudochilari bilan teng kurashlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Yakuniy holatda Suhrob Rajabov yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining kumush medalini, O‘tkirbek To‘raboyev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shohrux Mamarasulov bronza uchun kechgan bahsda gruziyalik raqibiga kichik hisobda imkon bergan holda 4-o‘rin bilan kifoyalandi.
Mamlakatimizning 17 nafar dzyudochisi qatnashgan Italiyadagi jahon chempionatining yakkalik bahslarida vakillarimiz 1 tadan kumush va bronza medalini olib, bir qator umidli sportchilarimiz kuchli 4-8-o‘rinlardan joy egallaganligi mamlakatimizda mazkur sport turida yangi iqtidorli avlod yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi.
10 oktyabr kuni jahon chempionatining jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlari o‘tkaziladi. E’tiborlisi, dunyoning eng kuchli 15 ta mamlakati terma jamoalari qatnashadigan bahslarda O‘zbekiston dzyudochilari ham qayd etilgan.
Jamolar o‘rtasida tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ilk bellashuvni germaniyaliklarga qarshi o‘tkazadi. Ushbu juftlik g‘olibi chorak finalda Vengriya – Gollandiya o‘rtasidagi bahsda g‘olib chiqqan jamoa bilan kurashadi.
Qur’a natijalariga binoan saralash bellashuvlarida Tunis - Ukraina (g‘olib Fransiya bilan), Turkiya – Meksika, Italiya – Qozog‘iston, Rossiya – Hindiston, Keniya – Braziliya kuch sinashadi.
Jahonning 70dan ziyod davlati orasida kuchli 15 talikdan o‘rin olgan yurtimiz dzyudochilariga jamoaviy bellashuvlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishida omad tilab qolamiz.
T. Ro‘ziyev, O‘zA