Dyusseldorfda 20 million dollarlik eksport kelishuvlari imzolandi
Germaniyaning Dyusseldorf shahrida bo‘lib o‘tgan “Wire & Tube Düsseldorf 2026” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi O‘zbekiston elektrotexnika sanoati uchun muhim natijalar bilan yakunlandi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu yirik xalqaro tadbirda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda uning tizimiga kiruvchi korxonalar faol ishtirok etib, “Made in Uzbekistan” milliy stendi bilan mamlakatning elektrotexnika mahsulotlarini keng namoyish etdi. Ko‘rgazma davomida mahsulotlar sifati va eksport salohiyati xalqaro ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir doirasida Yevropa va Amerika kompaniyalari vakillari bilan qator samarali B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda kabel mahsulotlarini yetkazib berish, Germaniyaning “Starofit” kompaniyasi bilan mis quvurlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek, “CzechTrade” agentligi orqali Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ko‘rgazmaning eng muhim natijalaridan biri sifatida bir qator yirik eksport kelishuvlari imzolandi. Jumladan, “Metsol” MCHJ va Sloveniyaning “Zikas” kompaniyasi o‘rtasida hamda “Metal Processing Technology” MCHJ va nemis hamkorlari o‘rtasida eksport shartnomalari rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, “Sharq Tubes” va “Artikul Aziya Kabel” korxonalari Germaniya va Avstriya kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishdi.
Ko‘rgazma yakuniga ko‘ra, 2026-yil uchun umumiy qiymati 20 million AQSH dollariga teng eksport kelishuvlari imzolandi. Bu esa O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalarining xalqaro bozordagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA