Dushanbedagi xalqaro turnirda o‘zbekistonlik atletlar 8 ta medalga sazovor bo‘ldi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Olimpiya chempionlari Andrey Abduvaliyev va Dilshod Nazarov sovrini uchun III Xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, 5 ta oltin va 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida 400 metrga yugurish bahslarida yopiq inshootlar bo‘yicha Osiyo chempioni Jonbibi Hukmova 52,87 soniya natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bosqon uloqtirish bahslarida ham o‘zbekistonlik sportchilar yuqori natija qayd etdi. Zarina Nosirjonova 61,60 metr natija bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Elina Silyamiyeva 56,20 metr ko‘rsatkich bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasida disk uloqtirish bahsida Dunyozod Sayfulloyev, ayollar o‘rtasidagi shu yo‘nalishda Yulianna Shukina oltin medalga ega chiqdi.
100 metrga yugurish bahslarida Laylo Allaberganova 11,83 soniya natija bilan marrani birinchi bo‘lib kesib o‘tdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Erkaklar o‘rtasida mazkur masofada qatnashgan Sulton G‘afurjonov 10,60 soniya natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. 400 metrga yugurish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Hasanbek Rustamjonov 48,55 soniya natija ko‘rsatib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA