“Duoba”dagi “Mehmon uylari” el xizmatida
Zomin tumanidagi viqorli tog‘lar bag‘ridagi dam olish maskanlarida bugungi jazirama kunlarda nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlari va hatto xorijiy o‘lkalardan kelgan sayyohlarning dam olayotganiga ham guvoh bo‘lish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati tumanlarining qishloq va mahallalarida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari olib borildi.

Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlar davomida aholiga o‘z “Mehmon uylari”da tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, o‘zlari yashab turgan xonadonlarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, yuritish, unda nimalarga e’tibor qatarish yuzasidan aniq ma’lumot va qo‘llanmalar berildi. “Mehmon uylari”ni yurtish borasidagi zarur hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar davlat xizmatlari markazi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Turizm va sport vazirligi komissiyasi a’zolari joriy yil aprel oyi oxirlarida “Duoba” MFY hududidagi o‘z xonadonlarida “Mehmon uylari”ni tashkil etgan 20 nafar fuqaroning xonadonlariga borib, ushbu dam olish joylaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishib, “Mehmon uylari”ni tashkil etishga tayyor deb topilgan 20 ta xonadon egasiga guvohnomalar taqdim etilgan va oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestridan ko‘chirmalar, Turizm va sport vazirligining esdalik sovg‘alari topshirilgan edi.
O‘sha 20 xonadonda tashkil etilgan “Mehmon uylari”dan salkam 3 oydirki sayyohlar qadami uzilmaydi.
– Mehmon uylarini ochdik, butun oilamiz ish bilan band bo‘ldi, – deydi Zomin tumani “Duoba” MFYdagi “Mehmon uylari”dan birining bekasi Talliay Jumayeva. – Xizmatimizdan, sharoitlardan kelayotgan mehmonlar juda xursand.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA