Dunyoda qariyb 40 foiz aholi toza ichimlik suvi yetishmaydigan hududlarda yashaydi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tomonidan “Butunjahon suv resurslari kuni” munosabati bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida “Suv – hayot manbai” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvi zaxiralarini asrash, suv tanqisligining oldini olish hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi, suvga bo‘lgan talabning yil sayin ortib borishi natijasida suv resurslari tanqisligi muammosi dorzarblashib bormoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmaydigan hududlarda yashaydi. 2,2 milliard aholi haligacha xavfsiz ichimlik suvi ta’minotiga ega emas. Bu esa butun dunyoda mavjud suv resurslarini asrab-avaylash, tejab ishlatishni taqozo qiladi.
Tadbirda ishtirok etgan mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ekologik madaniyatni yuksaltirish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA