Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Gretsiya dronlarga qarshi yangi tizim ishlab chiqdi

Gretsiya ishlab chiqqan “Centauros” dronlarga qarshi tizimi zamonaviy urush taktikasini o‘zgartirmoqda. U raketalardan farqli ravishda, dronlarni yo‘q qilish o‘rniga ularning aloqa va navigatsiya signallarini bloklash orqali ishdan chiqaradi. Tizim 25-40 km masofada bir vaqtning o‘zida bir nechta dronni neytrallash imkoniga ega bo‘lib, elektr energiyasi bilan ishlashi sabab ancha arzon va samarali hisoblanadi. Shu jihati bilan u qimmatbaho raketalardan foydalanishga nisbatan iqtisodiy jihatdan ancha tejamkor yechim sifatida baholanmoqda.
“Centauros” allaqachon jang sharoitida sinovdan o‘tgan: u Qizil dengizdagi operatsiyalarda dron hujumlariga qarshi qo‘llanilgan. Tizim quruqlikda, dengizda va harakatlanuvchi platformalarda o‘rnatilishi mumkinligi bilan ham ahamiyatli. Ekspertlar fikricha, dron texnologiyalari tez o‘zgarib borayotgani uchun bunday elektron urush vositalari kelajakda asosiy mudofaa yechimlaridan biriga aylanishi mumkin.
Fransiyada poyezd halokati yuz berdi

Fransiyaning Pa-de-Kale hududida yuqori tezlikdagi “TGV” poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi, natijada poyezd haydovchisi halok bo‘ldi va kamida 27 kishi jarohat oldi. Poyezdda taxminan 350 nafar yo‘lovchi bo‘lgani ma’lum qilindi, ularning ayrimlariga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Baxtsiz hodisa sababli Betyun va Lens shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l harakati kun oxirigacha to‘xtatildi. Ayni payt voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan. Mutasaddilar bu kabi halokatlarning oldini olish uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ommalashmoqda

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ayniqsa quyosh energiyasi, global tarzda arzonlashib, an’anaviy neft va gazga nisbatan raqobatbardosh bo‘lib bormoqda. Yangi tahlillarga ko‘ra, quyosh energiyasidan foydalanish Yevropaga har kuni yuz millionlab yevro tejash imkonini bermoqda. Energiya inqirozi fonida ko‘plab davlatlar arzon va barqaror manba sifatida qayta tiklanuvchi energiyaga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, ayniqsa Ispaniyada shamol va quyosh energiyasi hissasi keskin oshgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ilgari yuqori boshlang‘ich xarajatlar sabab ayrim mamlakatlar quyosh energiyasi texnologiyalaridan unchalik foydalanmagan, biroq hozirgi kunda bu texnologiyalar arzonlashib, hatto an’anaviy yoqilg‘ilardan ham samaraliroq variantga aylanmoqda. Dunyoda hali ham 700 milliondan ortiq odam elektr energiyasiga ega emas, ammo yangi texnologiyalar ular uchun ham imkoniyat yaratmoqda. Bu o‘zgarish global energetika tizimida tarixiy burilish sifatida baholanmoqda.
Ukrainada avtobus bekatiga hujum: qurbonlar bor

Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatida Rossiya droni avtobus bekatiga zarba berishi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, 12 nafari esa jarohat oldi. Hujum Nikopol shahri markazida sodir bo‘lib, dron avtobus bekatga kelib to‘xtayotgan paytda uni nishonga olgan.
So‘nggi vaqtlarda bunday kunduzgi hujumlar ko‘payib, fuqarolik infratuzilmasi va aholi yashash hududlari nishonga olinmoqda. Nikopolning strategik joylashuvi — Zaporoje atom elektr stansiyasiga yaqinligi himoya imkoniyatlarini cheklamoqda. Ukraina tomoni RFni tinch aholiga qarshi hujumlarda ayblab, xalqaro hamjamiyatni yanada keskin choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
Vens Orbanni qo‘llab-quvvatladi

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Vengriyaga tashrif buyurib, bosh vazir Viktor Orbanni saylovlar oldidan ochiq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U Budapeshtda Orban bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek Yevropa va Ukraina masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda. Oq uy rahbari Donald Tramp ham avvalroq Orbanni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi, bu esa Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosatda ayrim ittifoqchilarga ochiq tarafdorlik qilishini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda Vengriyada siyosiy raqobat keskinlashgan: so‘rovlarga ko‘ra, muxolifat yetakchisi Peter Madyar boshchiligidagi “Tisza” partiyasi jiddiy raqobat ko‘rsatmoqda. Orban esa tashqi siyosatda AQSH va Rossiya bilan munosabatlarni saqlashga urg‘u bermoqda. Ekspertlar fikricha, rasmiy Vashingtonning bunday ochiq qo‘llovi saylov jarayoniga ta’sir qilishi mumkin va bu Yevropa siyosatida yangi tendensiyalarni yuzaga keltirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA