Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Yevropa: energiya narxlari tez orada tushmaydi

Yevropa Ittifoqi rasmiylari Eron nizosi tugasa ham neft va gaz narxlari yaqin vaqtda barqaror holatga qaytmasligini ma’lum qildi. YeI energetika komissari Dan Yorgensenga ko‘ra, ta’minotda jiddiy uzilishlar yo‘q, ammo dizel va avia yoqilg‘isi zaxiralariga bosim kuchaygan, global gaz bozori esa tobora tanqislashmoqda. Bu omillar elektr energiyasi qiymatining oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Ittifoq hozirda aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus choralar paketi tayyorlamoqda. Unda soliqlarni kamaytirish, gaz va elektr narxlarini ajratish mexanizmlari hamda ijtimoiy yordamni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va RFga qaramlikni kamaytirish siyosatini davom ettirmoqda, chunki bozordagi beqarorlik uzoq muddat saqlanishi mumkin.
Tramp: Eron mojarosi ikki-uch hafta ichida tugaydi

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Erondagi ziddiyat “ikki-uch hafta ichida” tugashi mumkinligini bildirdi va bu jarayon kelishuvga bog‘liq emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, asosiy maqsad — Eronning harbiy va yadroviy salohiyatini butunlay izdan chiqarish, shundan so‘ng AQSH amaliyotni to‘xtatadi. Oq uy ma’muriyati Tramp yaqin kunlarda millatga murojaat qilib, vaziyat bo‘yicha muhim bayonot berishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, mintaqada keskinlik saqlanib qolmoqda: Eron tomonidan Kuvayt, Bahrayn va Qatar atrofida hujumlar qayd etildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu harbiy amaliyotlar davom etishini bildirdi, Eron esa urushni tugatishga tayyorligini, ammo kafolatlar talab qilayotganini aytmoqda. Vashingtonda esa NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish haqida signallar berilmoqda, bu esa mojaroning siyosiy ko‘lamini yanada kengaytirishi mumkin.
Isroil Janubiy Livanni nazoratga olmoqchi(mi)?

Isroilning Bayrutga bergan zarbalari natijasida kamida yetti kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam jarohat oldi. Hujumlar shaharning janubiy hududlari va uning atrofida amalga oshirilgan bo‘lib, Isroil tomoni bu yerda “Hizbulloh”ning yuqori lavozimli a’zolari nishonga olinganini bildirdi. Shu bilan birga, janubiy Livanda ham shiddatli janglar davom etmoqda va raketa almashinuvi kuchaygan.
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats nizodan so‘ng mamlakat armiyasi Livan janubida xavfsizlik hududi o‘rnatishini va Litani daryosigacha nazoratni saqlab qolishini aytdi. Bu reja Livan tomoni va xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqid qilindi, chunki u aholini majburiy ko‘chirish xavfini kuchaytiradi. Ayni paytda mojaro qurbonlar sonini oshirmoqda va bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
YeI: Orban veto qilsa, Rossiya aktivlari ishga tushishi mumkin

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas Ukrainaga ajratiladigan 90 milliard yevrolik moliyaviy paket to‘xtab qolsa, RFning “muzlatilgan” aktivlaridan foydalanish varianti qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi. Ukraina ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, Moskva to‘liq tovon to‘lamagunicha ushbu masala kun tartibidan tushmasligini ta’kidlamoqda.
Muammoning asosiy sababi — Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning vetosi bo‘lib, u “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish tiklanmaguncha moliyaviy yordamga rozi emasligini aytgan. Bu esa YeI ichida keskin kelishmovchilikka sabab bo‘ldi. Ayrim davlatlar Rossiya aktivlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar huquqiy va moliyaviy xatarlardan xavotirda, shu bois masala hanuz ochiq qolmoqda.
Bag‘dodda amerikalik jurnalist o‘g‘irlab ketildi

Iroq poytaxti Bag‘dodda amerikalik jurnalist ayol noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi holatni tasdiqlab, xavfsizlik kuchlari zudlik bilan qidiruv operatsiyasini boshlaganini ma’lum qildi.
Voqea shahar markazida sodir bo‘lgani aytilmoqda va barcha blok-postlarga ogohlantirish yuborilgan. AQSH tomoni vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan, ammo qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Eron nizoni tugatishga tayyor, ammo...

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat urushni yakunlashga tayyorligini bildirib, bundan keyin bunday mojaro takrorlanmasligi uchun qat’iy kafolatlar talab qilinayotganini aytdi. Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta esa vaziyatni “juda xavfli” deb baholab, Tehronni keskinlikni yumshatish va diplomatik yo‘lni tanlashga chaqirdi. Ayniqsa, Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsiz harakatni ta’minlash masalasi muzokaralarning markazida qolmoqda.
Shu bilan birga, AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset yaqin kunlar vaziyatni hal qiluvchi omil bo‘lishini ta’kidlab, ehtimoliy yer usti operatsiyalarini istisno qilmadi. Vashington muzokaralar davom etayotganini bildirsa-da, harbiy bosimni saqlab qolmoqda. Donald Tramp esa ittifoqchilarni tanqid qilib, energiya inqirozi sharoitida har bir davlat o‘z manfaatini o‘zi himoya qilishi kerakligini aytdi, bu esa siyosiy tanglikni yanada kuchaytirmoqda.
Yevropa tarmoqlari “yashil energiya”ni ko‘tara olmayapti

Yevropada elektr tarmoqlari qayta tiklanuvchi energiyadan ortda qolmoqda va bu holat jiddiy xavf sifatida baholanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, eski infratuzilma sabab 120 GVtdan ortiq quyosh va shamol loyihalari amalga oshmay qolishi mumkin. Ayniqsa Avstriya, Polsha, Niderlandiya, Portugaliya va Ruminiya kabi davlatlarda tarmoq quvvati yetishmasligi keskin sezilmoqda. Mutaxassislar bu muammo endi texnik emas, balki energiya xavfsizligiga bevosita tahdid ekanini ta’kidlamoqda.
Muammoning asosiy sababi — Yevropa tarmoqlari ilgari markazlashgan ko‘mir va gaz stansiyalari uchun qurilgani, hozirgi “yashil” energiya esa chekka hududlarda ishlab chiqarilishidir. Natijada ayrim mamlakatlar ortiqcha elektrni qabul qila olmay, hatto shamol turbinalarini o‘chirishga majbur bo‘lmoqda. Yechim sifatida investitsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va iste’molni moslashtirish kabi choralar ko‘rilmoqda, aks holda Yevropa “yashil energiya”ga to‘liq o‘tish jarayonida jiddiy sekinlashuvga duch kelishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA