Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
YeI: Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rish zarur
“Bloomberg” agentligi xabar berishicha, “Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik uchun harbiy salohiyatini oshirishi kerak”, degan tuzilmaning mudofaa bo‘yicha birinchi Yevropa komissari lavozimiga nomzod Andrius Kubilius.
Litva Bosh vaziri lavozimida ikki muddat ishlagan Andrius Kubilius YeI “olti-sakkiz yil ichida Rossiya bilan harbiy to‘qnashuvga tayyor bo‘lishi kerak”ligini aytgan. Siyosatchi, shuningdek, YeIni qurol-yaroq va o‘q-dori ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga chaqirdi va snaryad zaxirasini yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen avvalroq YeIni mudofaa ittifoqiga aylantirish niyatiligini ma’lum qilgandi.
Kim Chen In: Shimoliy Koreyaga hujum yadroviy qurol bilan qaytariladi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Janubiy Koreya va AQSH tomonidan kuch ishlatilsa, KXDR yadro quroli bilan javob berishini bildirdi. Bu ma’lumotni “Reyter” agentligi Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib tarqatdi.
KXDR yetakchisi agar hujum sodir bo‘lsa, Pxenyan “hech ikkilanmasdan” barcha mavjud kuchlari, jumladan yadro qurolidan ham foydalanishini ta’kidladi.
Ekvadorning bir necha mintaqasida favqulodda holat e’lon qilindi
Ekvador Prezidenti Daniel Noboa tegishli farmon bilan jiddiy ichki tartibsizlik va qurolli mojarolar sabab mamlakatning 24 viloyatidan oltitasi – Guayas, Los-Rios, Manabi, Orellana, Santa Elena, El-Oro muzofotlari hamda poytaxt Kito mintaqasida favqulodda holat e’lon qildi.
Ushbu chora 60 kun davomida amal qiladi.
Pentagon: AQSH va ittifoqchilar ixtiyorida uzoq masofaga uchuvchi raketalar zaxirasi cheklangan

AQSH omborlarida uzoq masofaga uchuvchi raketa zaxirasi cheklangan, Kiyevga faqat mamlakat jangovar tayyorgarligiga putur yetkazmaydigan miqdorda raketa berilishi mumkin, dedi Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx.
“Bizda uzoq masofaga uchuvchi raketalar miqdori sanoqli, faqat bir necha davlatda mavjud, ta’minot esa cheklangan... Biz qaror qabul qilishda har doim o‘z jangovar tayyorgarligimizni baholashimiz kerak", degan u brifingda.
XVJ Isroil harbiy amaliyotining Livan iqtisodiyotiga ta’sirini baholadi
Isroil havodan bombardimon qilishi Livanning iqtisodiyoti va ijtimoiy ahvolini yanada yomonlashtirdi, dedi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) aloqa bo‘yicha direktori Juliye Kozak.
“Livanda shundog‘am qorong‘i bo‘lib turgan istiqbol yanada yomonlashdi... Mojaro so‘nggi payt kuchayishi mamlakatdagi allaqachon zaiflashgan makroiqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yanada chuqurlashtirmoqda", dedi u jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda.
Ta’kidlanishicha, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 25 foiz pasaygan. Falastin – Isroil mojarosi avj olgandan bir yil o‘tib, G‘azo sektori iqtisodiyoti butunlay izdan chiqqan.
AQSH Tayvanda raketa ishlab chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlari Tayvanda Stinger zenit-raketasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini baholamoqda, deb xabar tarqatdi “Liberty Times” gazetasi orolning yuqori martabali harbiy amaldoriga tayanib.
Qayd etilishicha, AQSH kelasi yil orolga raketa yasash bo‘yicha texnik, ishlab chiqarish imkoniyatini o‘rganib, Chjunshan fan va texnologiya instituti (NCSIST)ning kiberxavfsizlik chorasini baholash uchun maxsus guruh yuborishni rejalashtirgan.
Agar tegishli sertifikatlashtirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlansa, 2026 yil Tayvanda raketa ishlab chiqarila boshlanadi.
Isroil hujum boshlagandan beri Livanda 1974 kishi halok bo‘ldi
Livan sog‘liqni saqlash vaziri Firas Abdad mahalliy ommaviy axborot vositalariga ushbu ma’lumotni bergan.
“Isroilning Livanga boshlagan tajovuzi qurbonlari umumiy soni 1974 kishiga yetdi, 9384 kishi yaralandi, ulardan 127 nafari bola, 261 nafari ayol, 97 nafari tibbiy va tez yordam xodimi”, – degan u.
Shuningdek, Isroil zarbasi o‘nlab tibbiyot markazlariga zarar yetkazgani qo‘shimcha qilingan.
S.Rahimov, O‘zA