Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
OAV: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar natija bermadi
- Muzokaralarda hech qanday kelishuvga erishilmagan, -deb yozdi “Reyter” axborot agentligi Misr xavfsizlik sohasi manbalariga tayanib.

Yakshanba kuni Isroil bosh vaziri ofisi maslahatchisi Dmitriy Gendelman “RIA Novosti”ga bergan xabarida aytilishicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish evaziga garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar o‘z kuchida qolgan. Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasida vaziyat keskin bo‘lib turishiga qaramay, Isroil delegatsiyasi yakshanba kuni Qohiraga kelgan.
25 avgust kuni Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan muzokarada AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Berns, Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abduraxmon Ol Toni va ikki mamlakatning qator yuqori lavozimdagi mulozimlar ishtirok etgan.
“Reyter” xodimi Kramatorskda halok bo‘ldi

- Donetskning Kramatorsk shahridagi “Sapfir” mehmonxonasida “Reyter axborot agentligining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi halok bo‘ldi, -deb xabar tarqatdi “Mirror” gazetasi agentlik vakilining ma’lumotiga tayanib.
Avvalroq, “Reyter” agentligi Kramatorsk shahrida ikki nafar jurnalisti jarohatlanganini, yana biri bedarak yo‘qolganini xabar bergan edi. Agentlikning yozishicha, hodisa “Sapfir” mehmonxonasiga raketa hujumi uyushtirilganda yuz bergan.
BMT bosh kotibi Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida otishmalar avj olayotganidan xavotir bildirdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil va Hizbulloh harakati o‘rtasida yuzaga kelayotgan vaziyatdan chuqur xavotir bildirdi va keskinlikni yumshatishga chaqirdi.
- Bosh kotib otishmalar soni sezilarli darajada oshganidan chuqur xavotirda. Bu harakatlar Livan va Isroil aholisini xavf ostiga qo‘yadi, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdid soladi, - degan tashkilot bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik jurnalistlarga.
Guterrish, shuningdek, qarama-qarshi tomonlarni mojaroni yumshatishga va BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasini bajarishga chaqirgan.
Janubiy Koreya va AQSH yirik harbiy mashqlar o‘tkazadi

- Mashqlar dengiz piyodalarini sharqiy sohillarga va Pxoxan hududiga tashlash bilan boshlanadi, maqsad harbiylarning tezkor tayyorgarligini oshirish hamda ittifoqchilar bilan o‘zaro muvofiq harakat qilishni takomillashtirish, -deb xabar tarqatdi “Ryonxap” axborot agentligi Janubiy Koreya harbiy dengiz kuchlari va dengiz piyodalari bo‘linmasi manbaalariga tayanib.
Harbiy mulozimlarning ta’kidlashicha, bu yil “Ssangyong” mashqlari 26 avgustdan 7 sentyabrgacha cho‘ziladi. Unda desant kuchlari, harbiy kemalar, vertolyotlar, F-35B qiruvchi samolyotlari va ilk bor uchuvchisiz o‘zi uchar qurilmalar ishtirok etadi.
Botsvanada topilgan olmosning hajmi mamlakat prezidentini hayratga soldi

Botsvana Prezidenti Mokvetse Masisi mamlakat hududida topilgan yirikligi bo‘yicha dunyo tarixida ikkinchi hisoblangan olmos hajmi va og‘irligini ko‘rib hayratga tushdi.
Avvalroq, Kanadaning “Lucara Diamond Corp” tog‘-kon kompaniyasi Botsvana konlarining biridan yirik olmos topganini e’lon qilgandi. Hali ishlov berilmagan toshning og‘irligi 2 492 karat bo‘lgan.
“Associated Press”ning yozishicha, olmosga hozircha nom berilmadi, qiymati ham keyinroq baholanadi.
Kim Chen In dron ishlab chiqarishni kengaytirishga buyruq berdi

– Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In shanba kuni KXDR Milliy mudofaa akademiyasi qoshidagi dron tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilayotgan sinovlarni nazorat qilib, dronlarni faol rivojlantirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishga ko‘rsatma berdi, -deb xabar tarqatdi mamlakat Markaziy telegraf agentligi (MTA).
Ma’lum qilinishicha, sinov 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan, Kim Chen Inga voqea joyida Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining yuqori lavozimli xodimlari hamrohlik qilgan.
Kim dronlarning texnik xususiyatlari va ma’lumotlaridan mamnunligini bildirgan va ularni imkon qadar tezroq foydalanishga topshirish uchun jangovar sinovlar “sur’atini oshirish” zarurligini ta’kidlagan.
S.Rahimov, O‘zA