Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Keksayishga qarshi dori tayyorlanyapti
AQSHda organizm keksayishini sekinlashtiradigan va hatto, to‘xtatadigan innovatsiviy dori testdan o‘tkazilmoqda. Preparat ta’siri itda sinab ko‘rilgan. Bu haqda ABC7 telekanali xabar tarqatdi.
“Telomir Pharmaceuticals” kompaniyasi bosh direktori doktor Kristofer Chapman Klivlend klinikasidan hamkasbi Maykl Royzen bilan birga inson ildiz hujayrasida telomer qopqog‘ini uzaytirishi kutilayotgan yangi dorini sinovdan o‘tkazdi. Shu orqali hujayrani hayotga qaytarish va ko‘paytirish imkoni paydo bo‘ladi. Natijada bemor tom ma’noda yosharishi mumkin.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, preparat samaradorligi allaqachon ikki keksa jonivor – saraton tashxisi qo‘yilgan nemis ovcharkasi va artrit bilan og‘rigan Nyufaundlend zotiga mansub itda sinab ko‘rilgan. Ta’kidlanishicha, mo‘’jizaviy tabletkani qabul qilgan to‘rt oyoqli do‘stlarimizning sog‘lig‘i olimlar ko‘z o‘ngida yaxshilangan.
Tajribaga jami o‘n jonivor jalb etilgan. Yakuniy natija kelgusi yil ommaga okshor qilinadi. Tadqiqotchilar ushbu dori kelajakda odamlarga foyda keltirishidan umidvor.
Liviya markaziy banki faoliyatini to‘xtatdi
Liviya markaziy bankidan ma’lum qilinishicha, noma’lum kimsalar muassasaning axborot texnologiyalari boshqarmasi direktorini o‘g‘irlab ketgan. Jabrlanuvchi Musob Musallim yakshanba kuni ertalab o‘z uyidan g‘oyib bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, boshqa yuqori lavozimli xodimlar ham shunga o‘xshash tahdid sezgan.
– Toki Musob Musallim ozod etilib, ishga qaytmas ekan, hech bir boshqarma yoki tizim faoliyat ko‘rsatmaydi, – deyilgan bank bayonotida.
Liviyada bir-birini tan olmagan ikki hukumat mavjud. Birinchisi – BMT qo‘llab-quvvatlagan, Tripoli shahridan qo‘nim topgan Abdulhamid Dbeyboy rahbarligidagi Milliy birlik hukumati (MBH). Ikkinchisi – Beng‘ozida joylashgan Usama Hammod rahbarligidagi muayyan vakolatga ega Vakillar palatasi.
2024 yil Amerika OAV sahifalarida qaysi davlat nomi ko‘p uchragan?
“RIA Novosti” hisob-kitobiga qaraganda, 2024 yil Amerika matbuotida Xitoy eng ko‘p, 245 000 bor tilga olingan. Keyingi o‘rin Isroilda – 123 000. AQSH matbuoti Россияни 79 000, Ukrainani 64 000 bor eslagan. Umuman, keyingi yillarda ushbu okean orti mamlakati nashrlari Chin yurtiga ko‘p e’tibor qaratmoqda: 2020 yil 400 000, 2016 yil esa 210 000 marta.
Amerika jurnalistlari so‘nggi payt Eron va KXDR haqida ham ko‘p yozishyapti.
Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi bahsli hududlarni muhokama qildi
Qirg‘iziston va Tojikiston ishchi guruhi ikki davlat chegarasidagi bahsli hududlar bo‘yicha takliflarini o‘zaro baham ko‘rishdi, deya ma’lum qildi Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati jurnalistlarga.
Xabarga ko‘ra, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha topografik ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvi 11-17 avgust kunlari Botken shahrida bo‘lib o‘tgan.
– Do‘stlik va o‘zaro ishonch, bir-birini tushunish muhitida o‘tgan uchrashuv natijasida protokol imzolandi, – deyildgan bayonotda.
Uzunligi qariyb ming kilometrga tengQirg‘iziston va Tojikiston sarhadi vaqti-vaqti bilan mahalliy aholi hamda ikki mamlakat chegarachilari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvga sabab bo‘lmoqda. Hozirgacha tomonlar 90 foiz hududni o‘zaro aniqlab olishgan.
Bloomberg: Isroil G‘azoni 42 million tonnalik beton xarobaga aylantirdi
“Bloomberg” agentligi BMT atrof-muhit bo‘yicha dasturi bergan ma’lumotga tayanib yozishicha, Isroilning aholi turar-joy infratuzilmasiga bergan zarbasi tufayli G‘azo sektori 42 million tonnalik qurilish chiqindisiga aylandi. Xarobani yig‘ishtirishga bir necha yil, yuz millionlab dollar mablag‘ kerak.
Xabarda aytilishicha, harbiy harakat to‘xtagach, Falastin anklavini qayta tiklash ishiga kamida 80 milliard, vayron bo‘lgan bino qoldig‘ini olib chiqish uchun esa 700 million dollar zarur. Tozalash jarayoni murakkabligi shundaki, vayronalar ostida portlamagan juda ko‘p snaryad, xavfli chiqindi, inson jasadi qolib ketgan.
Darvoqe, vayron bo‘lgan betonning yarmi qayta ishlansa, G‘azo yo‘l tarmog‘ini to‘liq tiklash mumkin.
Pokistonda suv toshqini qurbonlari – 195 kishi
Joriy yil 1 iyuldan 17 avgustgacha Pokistonda yog‘ayotgan jala oqibatida yuz bergan suv toshqini jami 195 kishining o‘limi va 362 inson turli darajada jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Express Tribune” nashri Tabiiy ofatga qarshi kurash milliy boshqarmasi (NDMA) ma’lumotiga tayanib xabar tarqatdi.
Surunkali yomg‘ir tufayli ikki mingdan ziyod uy, yo‘l va ko‘priklar qulagan.
Hindiston Bosh vaziri Polsha va Ukrainaga keladi
Bosh vazir Narendra Modi 21-23 avgust kunlari Polsha va Ukrainaga boradi. Bu haqda NDTV telekanali mamlakat TIV bayonotiga asoslanib xabar berdi.
Hindiston hukumati rahbarining Polshaga so‘nggi 40 yil davomidagi ilk safari joriy masalalardan tashqari ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan diplomatik munosabatning 70 yilligiga bag‘ishlangan.
Ukrainaga tashrif rejasi tafsiloti noma’lum.
BMT Bosh kotibi yadro sinovini abadiy taqiqlashga chaqirdi
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 29 avgustda nishonlanadigan Yadro sinoviga qarshi xalqaro harakat kuniga bag‘ishlab yo‘llagan murojaatida yadro sinovini butunlay taqiqlashga chaqirdi.
“Sinxua” agentligi yozishicha, ma’ruzada qariyb 80 yil ichida dunyoning 60 dan ortiq hududida ikki mingdan ziyod yadro sinovi amalga oshirilgani aytilgan. Ma’lumki, portlashlar vayronagarchilikni meros qoldirgan, zaminni hayot uchun yaroqsiz holga keltirgan, insonlar sog‘lig‘i uchun uzoq muddatli muammolar hosil qilgan.
Ogohlantirilishicha, so‘nggi payt yadro sinovini o‘tkazishga chaqiriqlar kuzatilayotgani o‘tmishning qo‘rqinchli sabog‘i unutilgani yoki inkor etilayotganidan dalolat.
– Yadro sinovi qurbonlari va kelajak avlodlar haqi, Shartnoma kuchga kirishi uchun ratifikatsiyasi zarur bo‘lgan barcha davlatlarni hech qanday shartsiz, zudlik bilan ushbu qarorni amalga oshirishga chaqiraman, – degan Guterrish bayonotda. – Keling, insoniylik imtihonidan o‘taylik va yadro sinovlarini abadiy taqiqlaylik.
S.Rahimov,
O‘zA