Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Sayyoramiz haddan ziyod isimoqda
Milliardlab odamlar haddan tashqari issiqlik epidemiyasi, harorat 50 darajadan ham ko‘tarilishi va o‘limga olib keladigan jazirama to‘lqini holatiga duch kelmoqda, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining “Harakatga chaqiruv” nomli yangi ma’ruzasida.

– Kutilmagan baland harorat dunyo iqtisodiyotini izdan chiqaradi, tengsizlikni kuchaytiradi, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga putur yetkazadi va odamlarning umriga zomin bo‘ladi, – deyilgan ma’ruzada. – Bir so‘z bilan aytganda, Yer tobora isib, yashash uchun xavfli joyga aylanmoqda.
“Harakatga chaqiruv” BMTning o‘n ixtisoslashgan agentligi tajribasi asosida ishlab chiqilgan, mislsiz issiq ta’sirini yoritib beruvchi dastlabki hujjat hisoblanadi.
G‘azoda vaziyat yomonlashyapti
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkdagi brifing chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berarkan, Isroil va Falastin masalasida BMT rezolyutsiyasiga muvofiq, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga xizmat qiladigan ikki davlat asosidagi yechimga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Guterrish G‘azodagi hozirgi vaziyatni “ulkan falokat” deb atadi. Uning fikricha, ayni holat ikki sababga ko‘ra yuzaga kelgan.
– Birinchidan biz butun dunyo bo‘ylab eng yuqori darajadagi halokatga, vayrongarchilikka olib keladigan harbiy kampaniya bilan shug‘ullanyapmiz, ikkinchidan bu kampaniya tabiatan xatolik, – dedi u.
Ko‘hna qit’ada spirtli ichimlik iste’moli kamaymayapti
Yevropa spirtli ichimlik iste’molini kamaytirish bo‘yicha aytarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. 53 davlatni birlashtirgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, ko‘hna qit’ada yashovchi odamlar aholi jon boshiga hisoblaganda eng ko‘p spirtli ichimlik iste’mol qiladi. So‘nggi yillarda faqat aksiz solig‘ini oshirish va alkogol mavjudligini cheklash bo‘yicha keskin choralar ko‘rgan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Ukrainada mazkur salbiy holatni sezilarli darajada kamaytirishga erishildi. Afsuski, YeI mamlakatlarida o‘n yildan ortiq vaqt davomida bu sohada ijobiy o‘zgarish kuzatilmadi.
Parranda grippi xavfi oshgan
So‘nggi oylarda odamlar orasida parranda grippi bilan kasallanish holati ko‘payib, virus turli hayvonlarga tarqalishi kuzatilyapti. Shu sababli Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Osiyo-Tinch okeani mintaqasida infeksiya tarqalishiga qarshi tezkor choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
Ko‘p yil davomida nisbatan past ko‘rsatkich qayd etgan mazkur xastalik 2023 yil oxiridan buyon ko‘paydi. Masalan, Kambojada 13 yangi holat kuzatildi. Qolaversa, Xitoy va Vetnamda ham parranda grippiga uchraganlar bisyor. Xavfli jihati shundaki, ushbu kasallik parranda grippining yangi variantlarini keltirib chiqaradi va vaziyatni yanada murakkablashadi. Infeksiya tarqalishi tezlashadi.
UNISEF nima deydi?
Harorat keskin ko‘tarilishi sharoitida UNISEF Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlarini issiq to‘lqinning aholi salomatligiga ta’sirini kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga chaqirmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, bolalarga e’tibor muhimligi aytilgan.
Tashkilot mutaxassislari issiqlik bilan bog‘liq kasalliklarga qarshi kurashish uchun birlamchi tibbiy yordam va iqlimdan erta ogohlantirish tizimiga sarmoya kiritish zarurligini ta’kidlaydi. Ekspertlar maktablarni bolalar o‘ynaydigan joylarda haroratni pasaytirishga moslashtirish va o‘qituvchilarni issiqlik stressiga javob berishga o‘rgatishga chaqirmoqda. Bundan tashqari shahar dizayni va infratuzilmasini ham iqlimga moslashtirish lozim. Binolar issiq havo ta’sirini imkon darajasida kamaytirish uchun mo‘ljallanishi kerak.
UNISEF aholi manzillari, ayniqsa suvning sifati yomonlashayotgan, miqdori kamayib borayotgan mamlakatlarda xavfsiz suv ta’minotini ta’minlashni tavsiya qiladi. Tashkilot butun mintaqadagi hukumatlar, gumanitar sheriklar va mahalliy hamjamiyat bilan haddan ziyod issiqqa chidamni oshirish uchun ishlashni davom ettirmoqda. Bu jarayon o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari va oilalar stressga javob berish uchun bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi
BMTning besh agentligi shu hafta e’lon qilgan Oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish holati to‘g‘risidagi hisobotda 2023 yil taxminan 733 million odam ochlikdan aziyat chekkani, bu yer yuzidagi har 11 kishidan biri, Afrikada esa har beshinchi odam ochlik azobini boshdan kechirayotgani qayd etilgan. Ba’zi sohalarda erishilgan kichik yutuqlarga qaramay, tashvishli darajada ko‘pchilik hamon oziq-ovqat xavfsizligi va to‘yib ovqatlanmaslik muammosiga duch kelmoqda.
Yana bir muammo bor: global miqyosda va barcha yosh guruhlarida ortiqcha vazn, semirib ketish holati ortmoqda. Tashkilot ushbu masalada ham xalqaro hamjamiyatni birgalikda chora ko‘rishga chaqirdi.
S.Rahimov, O‘zA