Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Turkiya Moskva va Kiyevga Ukrainada urushni to‘xtatish uchun Istanbul jarayoni doirasida barcha tomonlar ishtirokida tinchlik konferensiyasi o‘tkazishni taklif etishi mumkin, deb bayonot berdi “RIA Novosti”ga turkiyalik tahlilchi, “Vatan” partiyasi markaziy qo‘mitasi a’zosi O‘rchun Gyokturk.
Rossiya – Ukraina inqirozi boshlangandan buyon Turkiya muayyan diplomatik sa’y-harakatni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda RF Prezidenti Vladimir Putin ham mazkur tashabbusga ijobiy baho berib, “Biz turkiyalik do‘stlarimizning inqirozli vaziyatlarni, jumladan Ukraina nizosini hal qilishga hissa qo‘shishga urinayotganidan minnatdormiz”, – degan edi.
***
Agar Isroil bilan “Hizbulloh” o‘rtasida urush boshlansa, barcha “qarshilik kuchlari” va mavjud vositalar yordamida “Hizbolloh”ni qo‘llab-quvvatlaymiz, deya bayonot berdi Eron rahbari maslahatchisi Kamol Xarroziy “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Isroil “Hizbulloh”ga qarshi keng ko‘lamli amaliyotni boshlasa, urush butun mintaqada yoyilib ketishi mumkin.
– Barcha livanliklar, arab mamlakatlari va “qarshilik kuchlari” a’zolari Isroil bilan raqobatda Livanni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi mulozim. – Butun mintaqaga tarqalishi ehtimoli mavjud urushga mintaqadagi barcha mamlakatlar, jumladan Eron ham qo‘shilishi mumkin. Bunday vaziyatda “Hizbulloh”ni qo‘llab-quvvatlashdan bo‘lak choramiz qolmaydi.
***
XXR Raisi Si Szinpin Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga yo‘l olishi oldidan e’lon qilgan maqolasida Ostona anjumani ishtirokchilarning umumiy sa’y-harakati bilan yuqori saviyada yakunlanishi, SHHT oilasi yanada jipslashishi, hamkorlik tarixida yangi sahifa ochilishiga ishonch bildirdi. Maqola “Kazinform” agentligi saytida e’lon qilingan.
SHHT sammiti 3-4 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
***
Ertaga Venesuela va AQSH hukumatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot boshlanadi. Prezident Nikolas Maduro turli noto‘g‘ri talqinlardan xoli bo‘lishi uchun muloqot ommaga namoyish qilib borilishi kerak, deb hisoblaydi.
– Venesuelaning mutlaq suvereniteti va mustaqilligi ta’minlanishi shartiga asoslangan muloqot o‘zaro anglash ruhida o‘tishini, kelgusida munosabatlarimiz ijobiy tomonga o‘zgarishini hohlayman, – degan u. – Venesuelani hurmat qilishlari shart.
***
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bugun Kiyevda Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
Avvalroq Zelenskiy idorasi rahbari Andrey Yermak Orban va Zelenskiyning yuzma-yuz uchrashuvini tashkil etish kerakligini aytgan edi. Vengriya TIV bunday uchrashuvni avvaldan tayyorgarliksiz uyushtirishning iloji yo‘qligi, ijobiy natijaga erishish imkoni paydo bo‘lsagina o‘tkazish mumkinligini ma’lum qilgan edi.
***
Niderlandiya hukumati 24 dona F-16 qiruvchi samolyotini eksport qilishga ruxsat berdi, dastlabki uchoqlar Ukrainaga jo‘atiladi, dedi mudofaa vaziri Kaysa Ollongren.
Avvalroq mamlakat Mudofaa vazirligi Ukrainaga F-16 samolyotlarining birinchi to‘plami yoz tugashi bilan jo‘natilishini aytgandi.
***
Iyun oyida Kiyevda joniga suiqasd qilingan qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sodiqov seshanba kuni vafot etdi. Bu haqda jurnalistning rafiqasi ma’lum qilgan.
Ukraina OAV yozishicha, 18 iyun kuni Kiyevda rasmiy qochqin maqomiga ega qozog‘istonlik muxolifatchi Aydos Sodiqovga qarata quroldan o‘t ochilgan. Politsiya ham Kiyevning Yarmoli ko‘chasida noma’lum shaxslar to‘xtab turgan mashinaga qarata bir necha bor o‘q uzganini tasdiqlagan. Bosh prokuror idorasidan xabar qilinishicha, suiqasdda Qozog‘iston fuqarolari Altay Jakanbayev va Meyram Karatayev gumonlanmoqda.
***
Ukraina muammosini, sobiq Prezident Donald Tramp aytayotganidek, bir kunda hal qilish imkonsiz, dedi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.
Agar prezident etib saylansa, Tramp RF va Ukraina ziddiyatini 24 soat ichida hal qilishini bir necha bor takrorlagan.
***
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zi tegishli “Birgalikda respublika uchun” koalitsiyasi saylov yakunida parlamentda kamida 150 o‘rin egallashidan umidvor, deb xabar tarqatdi “RMC” radiostansiyasi.
Milliy majlisda jami deputatlik o‘rni 577 tani tashkil etadi. Parlamentda ko‘pchillik bo‘lish uchun 289 joy kerak.
S.Rahimov,
O‘zA