Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
AQSH yadro qurolini Hind-Tinch okeani mintaqasiga qaytarish zarur, deb hisoblamaydi va Koreya yarim oroliga joylashtirishni rejalashtirayotgani yo‘q. Davlat departamenti rasmiy vakilining o‘rinbosari Vedant Patel jurnalistlar uchun uyushtirilgan brifingda shu haqda bayonot berdi.
***
Kecha Nyu-York sudi hakamlar hay’ati aktrisa Stormi Denielsga tilini tiyib yurishi uchun pul to‘langani munosabati bilan biznes yozuvini soxtalashtirish bo‘yicha Donald Trampni birinchi jinoiy ishda aybladi.
Siyosatchi mavjud barcha 34 band bo‘yicha aybdor, deb topilgan. Sudning yakuniy qarori 11 iyulda chiqariladi.
***
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon mamlakat fan va ta’lim sohasi vakillari, olimlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Milliy fanlar akademiyasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hisobot-tahliliga tayanib, ayrim fanlar bo‘yicha aniq ilmiy izlanish olib borilmaganidan xavotir bildirdi. Shu bois Ta’lim va fan vazirligi, Ta’lim va fan sohasida nazorat agentligi, Milliy fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi va boshqa tegishli tuzilmalarga uch oy muddatda aniq takliflar kiritishni topshirdi.
***
Xitoy Markaziy televideniyesi Pokistonga qarashli ko‘p maqsadli aloqa yo‘ldoshi “Long March-3B” raketa tashuvchi vosita koinotga muvaffaqiyatli olib chiqilganini ma’lum qildi.
XXR Kosmik fanlar va texnologiyalar akademiyasida yaratilgan mazkur qurilma 15 yil davomida Pokiston va ushbu mamlakatga tutash hududlar bo‘yicha kuzatuv olib boradi.
***
Oq uy rahbari Jo Bayden 8 iyunda Fransiyaga davlat tashrif amalga oshiradi. Fransiya va AQSH yetakchilari ittifoqchilar qo‘shini Normandiyaga tashlanganining 80 yilligi tadbirlarida ishtirok etadi. Bu haqda Fransiyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchixonasi ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, o‘zaro muzokara chog‘ida Italiyada tashkil etilishi kutilayotgan “Katta yettilik” yig‘ilishi hamda Vashingtonda o‘tadigan NATO sammiti kun tartibi muhokama qilinadi.
***
Xitoy 15-16 iyun kunlari Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha xalqaro tinchlik konferensiyasida ishtirok etmasligini tasdiqladi. “Reuters” yozishicha, Pekin konferensiyada Ukraina bilan birga Rossiya ham ishtirok etishi kerakligi to‘g‘risidagi sharti bajarilmagani uchun taklifni rad etgan.
***
Qozog‘istonning Olmaota shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari kengashi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Armaniston ushbu majlisda qatnashmasligini, biroq cheklangan formatda qabul qilinadigan qarorlarni inkor etmasligini bildirgan. Bu haqda Tashkilot kotibiyati vakili Yuriy Shuvalov ma’lum qildi.
***
Eronda prezidentlikka da’vogarlarni ro‘yxatga olish boshlangan. Tadbirning ikkinchi kuni mamlakat parlamenti sobiq rahbari, Maqsadli kengash (Oliy yetakchi Ali Humanaiy huzuridagi oliy maslahat organi) a’zosi Ali Larijoniy nomzodi rasmiylashtirildi. SNN telekanali Tehrondagi saylov shtabidan ushbu jarayonni jonli efirda namoyish qilib bordi.
Parlament sobiq rahbari jurnalistlar bilan suhbat davomida “sanksiyani bekor qilish masalasini diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘rishi”ni ma’lum qildi.
***
Koreya Respublikasi bilan Shimoliy Koreya o‘rtasida 1989 yil yo‘lga qo‘yilgandan beri ilk bor 2023 yil to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-sotiq qilinmagan. Bu ma’lumotni Janubiy Koreya Birlashish vazirligi Oq kitobida keltirilgan yozuv tasdiqlaydi. 1989-2022 yillar mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi umumiy savdo qiymati 24,8 milliard dollarni tashkil etgan.
S.Rahimov, O‘zA