Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Xitoy Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Rossiyaga ta’sir o‘tkazishdan manfaatdor emas, dedi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Ispaniyaning RTVE radiosiga bergan intervyusida.
– Biz Xitoyga o‘z ta’siridan foydalanishi kerakligini ko‘p aytdik, – dedi u. – Xitoy ko‘nmaydi, chunki bundan manfaatdor emas.
***
Olmaota shahrida Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jeyxun Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“RIA Novosti” muxbiri yozishicha, muzokarada tomonlar o‘zaro tinchlik shartnomasiga doir asosiy masalalarni muhokama qilishgan. Darvoqe, 29 fevral kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan avvalgi muloqotda hamkasblar muzokarani davom ettirishga kelishgan edi.
***
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron G‘arbni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qarshi kurashda qat’iy pozitsiya egallashga chaqirdi. “Daily Mail” shu haqda yozdi. Sovuq urush davrini eslarkan, Kemeron Yevropa qit’asi yana sovuqlashib borayotganidan ogohlantirgan.
***
Moldova Mudofaa vazirligi 20-24 may va 27-31 may kunlari milliy armiya zaxirasidagi askarlar uchun yangi mashg‘ulot o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu ma’lumotni vazirlik departamenti matbuot xizmati tasdiqlagan.
Avvalroq vazirlik zaxiradagi harbiy xizmatchilar uchun aprel, may, iyun va sentyabr oylarida mahoratni oshirish, texnika va qurol-yaroq bilan tanishtirish maqsadida o‘quv mashqi o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.
***
Pentagon Rossiya harbiylarining Ukrainadagi “Starlink” internet-terminalidan ruxsatsiz, noqonuniy foydalanishiga to‘sqinlik qiladi, dedi AQSH mudofaa vazirining kosmik siyosat bo‘yicha yordamchisi Jon Plumb “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida.
– AQSH Ukraina hukumati va “SpaceX” bilan bu borada faol hamkorlik qilmoqda, – degan u. – Pentagon bu yo‘nalishda “Starlink” egasi Ilon Mask bilan murosaga keldi.
***
Parlamentda muhokama qilinayotgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa bilan va transatlantik integratsiyalashuv maqsadiga zid. Ayni fikrni Vilnyusda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Litva va Latviya tashqi ishlar vazirlari Gabriyelius Landsbergis va Bayba Braze bildirishgan.
– Xorijiy agentlar haqidagi qonun kabi qarorlar Transatlantika va Yevropa Ittifoqi a’zoligi bilan bog‘liq istiqbolga mos kelmaydi, – dedi Litva vaziri.
***
Hindiston va Moldova diplomatik hamda xizmat pasporti egalari uchun vizasiz tartib to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
– Ushbu kelishuv kuchga kirgach, diplomatik va xizmat pasporti egasi bir mamlakatdan ikkinchisiga vizasiz sayohat qilishi mumkin bo‘ladi, – deyilgan axborotda.
***
Tojikiston va Eron tashqi ishlar vazirliklari Tehronda siyosiy maslahatlashuvning ikkinchi davrasini o‘tkazdi. Uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikning joriy holati va istiqboli ko‘rib chiqilgan.
Tojikiston TIV xabar berishicha, tomonlar mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar yuzasidan ham fikr almashgan.
***
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud may oyi ikkinchi yarmida Yaponiyaga boradi. Tashrif davomida u imperator Naruxito bilan uchrashadi, Bosh vazir bilan muzokara o‘tkazadi.
2025 yil bu ikki davlat diplomatik munosabat o‘rnatilganining 70 yilligini nishonlaydi. Valiahd shahzodaning tashrifi, jumladan, ushbu sanaga ham bag‘ishlangan, dedi kun chiqar mamlakat Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi.
S.Rahimov,
O‘zA