Dunyo opera yulduzlari Toshkentda to‘plandi
"O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida mashhur opera yulduzi Plasido Domingo va bir qator opera xonandalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Aytish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda xalqaro madaniy-ma’rifiy aloqalar tobora kengayib bormoqda. Bu esa turli ijodiy loyihalarga keng yo‘l ochmoqda.
Mashhur xonandaning Markaziy Osiyodagi ijodiy safari doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu konsert opera muxlislari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ispan opera xonandasi va dirijyori Plasido Domingo 1941 yilning 21 yanvarida Ispaniyaning Madrid shahrida tug‘ilgan.
Ellik yildan ortiqroq vaqt davomidagi o‘z ijodiy karerasi mobaynida Plasido Domingo dunyoning ko‘plab davlatlari sahnalarida 150 dan ortiq opera partiyasini ijro etgan. Dirijyorlik pultida 300 dan ortiq konsertlarni o‘tkazgan.
Jami esa Plasido Domingo to‘rt mingga yaqin turli musiqiy dasturlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Xonanda Nyu-Yorkdagi Metropoliten Opera truppasining ijodiy mavsumini 21 martadan ko‘proq ochib bergan.
Tabarruk yoshda bo‘lsa-da, uning ovozi hamon o‘ktam, jozibali. Maestroning ijoddan, kuylashdan to‘xtamasligi diqqatga sazovor. Betakror ovoz sohibi ijodida turli konsertlar, opera spektakllarining namoyishi, yakkaxon va jo‘rlikdagi ijro yozuvlari alohida o‘rin tutadi. Hozirda 82 yoshni qarshilagan Plasido Domingo hamon noyob ovozi bilan muxlislarini quvontirib kelmoqda.
Uning ijrosidagi musiqiy albomlar milliondan ortiq tirajda sotilib, "oltin" va "platina" maqomiga erishgan. Shundanmi Plasido Domingo mashhur "Grammy" mukofotiga 11 marta sazovor bo‘lgan. Domingo opera san’atiga doir ko‘plab videolar yaratgan. Shu bilan bilan birga "Traviata", "Otello", "Toska", "Karmen" kabi mashhur opera filmlarning hammuallifidir. Plasido Domingo 2000 yildan buyon AQSHning mashhur Los Angeles Opera yetakchi teatrining direktori sanaladi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan konsert dasturida Domingo bilan birga ispaniyalik opera malikasi Marina Monzo, billurdek jarangdor ovoz sohibi, italyan opera xonandasi Alessandro Safina, hamyurtimiz, Samarqandda tug‘ilib, voyaga yetgan, bugungi kunda Rossiya davlat akademik katta teatrida ijodiy izlanayotgan Bekzod Davronov ijrosidagi opera qo‘shiqlari ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Musiqiy dasturda jahon kompozitorlarining eng sara asarlari muxlislarga taqdim etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA