Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi biz pedagoglarni o‘z faoliyatimiz, yutuq va kamchiliklarimiz, xalq orasidagi mavqeimiz haqida chuqurroq mulohaza yuritishga undadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi biz pedagoglarni o‘z faoliyatimiz, yutuq va kamchiliklarimiz, xalq orasidagi mavqeimiz haqida chuqurroq mulohaza yuritishga undadi.
23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan mazkur yig‘ilish pedagog kadrlarga e’tibor davlat siyosati darajasida ekanligini yana bir bor isbotladi.
Prezidentimiz xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir”, degan fikrini alohida ta’kidladi. Demak, bugungi kun pedagoglari va o‘quvchilari o‘sha eng ulug‘ imoratning munosib sohiblari bo‘lishlari kerak. Bu davr talabi!
Mamlakatimizda 9 ming 700 dan ziyod ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shulardan 894 tasi, qariyb 10 foizi Toshkent viloyatida. Mamlakatimiz pedagoglari kabi Toshkent viloyati o‘qituvchi-murabbiylari ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Sir emas, o‘tish yillarida maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy muhit, o‘qituvchi kasbining obro‘yi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etishga yetarli e’tibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.
Maktablarning mahalliy hokimliklar oldidagi “reytingi” qaysidir ma’noda “ko‘p paxta tergan maktab otryadi”, “ko‘p metallolom topshirgan maktab”, “obuna rejasini bajargan maktab” kabi sifatlar orqali belgilanar, ta’lim sifati, samaradorlik go‘yoki mutlaqo keraksiz ko‘rsatgich edi. O‘tgan davr ichida Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslari mustahkamlandi. Ota-onalar, jamoatchilikning xohish-istaklari inobatga olinib, mamlakatimizda 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklandi.
Videoselektorda alohida ta’kidlanganidek, ta’lim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak o‘qituvchilarning alohida o‘rni va ta’siri bor. Xalq ta’limi tizimiga 13 mingga yaqin erkak o‘qituvchi qaytdi. Bundan tashqari, pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. O‘qituvchilarning ish haqi oshirildi, uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi, pedagoglarga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasiga binoan 2020 yilda xalq ta’limi xodimlari oylik ish haqi oshiriladi, uzoq qishloqlardagi maktablarga o‘qituvchilarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish uchun ularga uy-joy, avtotransport uchun kreditlar berish borasida ham aniq ko‘rsatmalar berildi.
Ammo tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, bir qator muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi ko‘pchilikka ma’lum. Videoselektorda maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligi, maktab hayot-mamot masalasi, ta’bir joiz bo‘lsa, kelajak masalasi ekanligi, uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmasligi, bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerakligi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan alohida ta’kidlandi. Ayniqsa maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish, oiladagi ta’lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas’uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e’tibor qaratildi. Aynan mana shu masaladagi oqsoqligimiz uchun voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik va turli ko‘ngilsiz holatlarni oldini olishga qaratilgan ishlarimizda samaradorligi kam bo‘lib qolmoqda.
Pedagog, Toshkent viloyati xalq ta’limi tizimining mas’ul xodimi sifatida xalq ta’limi tizimida mavjud 5 ta muhim masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Birinchi o‘rinda ta’lim jarayonida tarbiya, tarbiya jarayonida ta’lim uzviyligini ta’minlash masalasi. Bu nima degani? Aslida ta’lim-tarbiya bir-biridan ajralmas hamda o‘zaro uzviy bog‘liq tushuncha va u til qoidalariga muvofiq juft so‘z shaklida yoziladi. Ammo oxirgi paytlarda bu ikki yakdil tushuncha orasida tafovut kuchayib ketmoqda. Biz ta’lim muassasalaridagi kun tartibimizga ta’limni alohida, tarbiyani alohida qo‘yayotgandekmiz...
Ta’lim jarayonida tarbiya ― bu fan mavzulari misol va mashqlarida ularning didaktik ahamiyatni oshirish, ya’ni o‘quvchilarga u yoki bu fandan tushunchalar hosil qilishimizda obod va axloq normalaridan oqilona foydalanishimiz zarur degani. Tarbiya jarayonida ta’lim ― bu ma’naviyat soatlari ma’ruza va amaliyotlari, uyushtiriladigan turli tadbirlar, sahna ko‘rinishlari, tanlov va musobaqalarda darsliklarimizda mavjud bilimlarni turli shakllarda takrorlashga, esga solishga urinishimiz darkor. Bu ikki chambarchas yo‘nalishning bir xil samaraga erishishiga yetaklaydi. Amaliyotga tatbiq qilinayotgan Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi bu bilim-ko‘nikmalarni mustahkamlab, o‘quvchilarni sportga, kitobxonlik va kasbga yo‘naltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, jamoat ishlarida faol o‘quvchi fanlarni o‘zlashtirishda, fanlarni o‘zlashtirishda muvaffaqiyatli o‘quvchi esa jamoat ishlarida faol, ya’ni ham bilimda, ham odob-axloqda yetakchi bo‘la oladi. Bu masalaga alohida, mohirona yondashuv zarur.
Ikkinchi masala dars soatlari samaradorligi bilan bog‘liq. Maktabdagi dars o‘tish jarayonidagi metodik uslub faqat darslik atrofida bo‘lib qolmasligi lozim. Darslik ― bu ma’lum bir fan bo‘yicha standart ma’lumotlar bazasi, undagi topshiriq va masalalar o‘sha dastlabki tushunchalarni amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi. Biroq bu o‘quvchilar ongida har doim ham “tushuncha” darajasiga o‘tavermasligi ― o‘zlashtirilgan bilimni hayotiy misollar bilan mustahkamlay olmayotganimizdan kelib chiqmoqda. Bu masalada fikrlar xilma-xilligi mavjud. Ammo, fikrimcha, darslik mavzulari ham uyga vazifa kabi o‘quvchi tomonidan mustaqil o‘rganilishiga erishishimiz, darslikdan o‘qib o‘rganilgan bilimlar pedagog ishtirokida, dars jarayonida, interaktiv muloqot davomida mustahkamlanishi, hayotiy misollar bilan tasdiqlab borilishi zarur. O‘qituvchi fan mavzusini o‘quvchilarga darslikdagi matnni o‘qib berish darajasida tushuntirib, darslikda yozilgan uyga vazifani bajarib kelishi bilan cheklanib qolmasligi zarur. Bizda esa ko‘pincha aynan shu jarayon kuzatilmoqda. Natijada darsda mazmun-mohiyati tushunilmagan mavzu, o‘zlashtirilmagan mavzu yuzasidan uy vazifasi topshirig‘i ― metodik uslubimizga aylanib qolayotir. Oqibatda o‘quvchilarimiz o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan 100 foiz bilimlarning 15-20 foizini baholab borishga majbur bo‘layapmiz.
Uchinchi masala o‘qituvchi va o‘quvchilarimizda davlat va jamiyat mulkini avaylab-asrash ko‘nikmalarini shakllantirib borish bo‘yicha aniq bir pedagogik uslubga ega emasligimiz. Davlatimiz tomonidan o‘quv muassasalarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun milliardlab mablag‘ ajratiladi, muassasa atrofi obodonlashtiriladi. Yana budjet hisobidagi milliard-milliard so‘mlik mablag‘lar evaziga maktablarimiz jihozlanadi, darslik va boshqa o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanadi. O‘qituvchi va o‘quvchilarimizda esa bu davlat va jamiyat mulkini asrab-avaylashga yo‘naltirilgan birorta ko‘nikma yoki tadbirlar mavjud emas. “Davlat mulki ― birovning mulki”, degan eski va noto‘g‘ri tushunchadan voz kechishimiz, o‘quvchilarimizda “maktab mulki ― mening mulkim”, “davlat mulki ― umumiy mulkimiz”, “davlat va jamiyat mulkini asrab-avaylash mening burchim”, degan tushunchalarni shakllantirish lozim. Bu borada, avvalo, o‘qituvchi-pedagoglarimiz o‘rnak bo‘la olishlari kerak.
To‘rtinchi masala xususida Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda ham alohida fikr o‘rtaga tashlandi va maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish haqida kerakli ko‘rsatmalar berildi. Xo‘sh, buning uchun nima qilishimiz kerak? Tan olishimiz kerak, ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy tarbiya ishlarimizning aksariyati soxta va xo‘jako‘rsin hisobot uchun o‘tkaziladigan darajaga yetib keldik. Maktablarimiz haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘iga, chinakam ta’lim-tarbiya maskaniga aylanmas ekan, maorif tizimida rivojlanishga, yuksalishga hech qachon erisholmaymiz.
Maktabdagi ma’naviyatchilar, psixolog va yoshlar ittifoqi yetakchilari xatlarga mas’ul mutaxassislar bo‘lib qolgani eng katta va jiddiy muammolarimizdan biri. Ta’lim maskanidan o‘tkaziladigan har bir tadbirda o‘quvchilarimiz o‘zlari uchun yangicha bilim va ko‘nikma, ijobiy xulosalar olishi kerak.
Beshinchi masala to‘rtinchisi bilan bog‘liq. Biz pedagoglar o‘z kasbiy mahoratimiz va bilim-tajribamizni oshirib borish bilan birga har jabhada yoshlarga o‘rnak bo‘la olishimiz kerak. Adabiyot olamida “ma’naviy huquq”, degan atama mavjud. Bu didaktik va pandnoma asarlar muallifi, eng avvalo, o‘z hayoti va ijodida o‘rnak bo‘la olishi lozim, uning ijobiy samarasi tezda namoyon bo‘ladi, degani. Ertalab darsda odob-axloq haqida saboq bergan pedagog tushlikdan keyin bir ahvolda o‘quvchilar nigohida paydo bo‘lishi ― erishayotgan o‘n va yuz birlik kasbiy yutuqlarimizni nollarga tenglashtirib qo‘yayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Biz pedagoglar ham yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda ularga o‘rnak bo‘lolmas ekanmiz, mehnatimizning mevasi kam, samarasi shubhali raqamlar ichida qolib ketaveradi.
Muxtasar aytganda, o‘z muammolarimizni tahlil qilib, yechim va chorasini topmasak, xalq ta’limi tizimida ijobiy natijalarga erishish, buning samarasi davlat va jamiyat hayotida aks etishi qiyin bo‘ladi. Davlatimiz rahbari va jamoatchilikning e’tibori xalq ta’limi tizimida ekan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning ta’rifi bilan aytilgan eng ulug‘ imorat sohiblari o‘z faoliyatida ulkan zafarlarga erishmog‘i lozim va shart. Zero, xalq ta’limi tizimidagi muvaffaqiyatlar barcha sohalarning rivojlanishida poydevor vazifasini o‘taydi.
Baxtiyor SAFAROV,
Toshkent viloyati Xalq ta’limi
boshqarmasi boshlig‘i v.v.b.