Dunyo bozorida g‘alla qimmatlashdimi?
Qora dengizda Ukraina g‘allasi eksportiga to‘siq ko‘payishi ortidan jahon bozorida oziq-ovqat narxi yana oshishi mumkin. Kiyev hisob-kitobiga ko‘ra, g‘alla qimmatlashuvi shu sur’atda davom etsa, bir yil ichida dunyo iste’molchilari zimmasiga 60 milliard dollargacha qo‘shimcha xarajat tushadi.
Ukraina agrar siyosati va oziq-ovqat vaziri Taras Visotskiy ma’lum qilishicha, g‘alla narxi allaqachon o‘rtacha 25 foiz ko‘tarilgan. Bu holat Qora dengizdagi Kiyev kemalari va eksport infratuzilmasiga hujum kuchaygani bilan bog‘liq. Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 90 foizi tashqi bozorga shu yo‘nalish orqali chiqadi. Mamlakat ichidagi saqlash manzillariga zarba ham kuchaygan. Kiyev hosilni xaridorga yetkazish uchun YeI tashkil etgan muqobil transport yo‘laklaridan foydalanishni kengaytirmoqda.
Shu bilan birga Ukraina Qora dengizda fuqarolar yuki, jumladan g‘alla tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga tayyorligini bildirgan. Visotskiy ehtimoliy bitimning barqarorligiga shubha bilan qaramoqda: Moskva bilan tuzilgan har qanday memorandumdan keyin ham Rossiya ertasiga qanday harakat qilishini oldindan ishonch bilan aytib bo‘lmaydi. Ukraina rasmiylari xalqaro hamkorlar bilan muzokarani davom ettirayotgan bir payt Qora dengizdagi vaziyat nafaqat eksport, balki jahon oziq-ovqat bozoridagi narxga ham bosimni kuchaytiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA