Do‘stlikda agroservis imkoniyatlari kengaydi
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan fermerlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Tumanning Sanoatchilar mahallasi hududida joylashgan Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazida yangi dilerlik va servis markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Yangi markaz “Agrotex klaster” Toshkent traktor zavodi MCHJning rasmiy dileri – “Dustlik mikro senter” MCHJ tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklarini zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, xarid qilingan texnikalarga sifatli servis xizmatlari ko‘rsatishdan iborat.
Markazda talabgorlarga turli rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini imtiyozli shartlar asosida yetkazib berish imkoniyati mavjud. Bu, ayniqsa, mavsumiy agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, zamonaviy texnika bilan ta’minlangan xo‘jalikda mehnat unumdorligi ortib, ish jarayonida vaqt va resurslardan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
Yangi dilerlik markazining o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda faqat texnika sotish bilan cheklanib qolinmaydi. Xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalariga servis va texnik xizmat ko‘rsatish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa fermerlarga texnikadan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish imkoniyatini yaratadi.
[gallery-31369]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida texnik ta’minotning barqarorligi ish unumdorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yer haydash, ekish, parvarishlash va hosilni yig‘ish kabi jarayonlarda texnikaning o‘z vaqtida va soz holda ishlashi muhim. Shu nuqtai nazardan, Do‘stlik tumanida yangi dilerlik va servis markazining faoliyat boshlashi sohadagi mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari