Do‘stlik va hamjihatlik tantanasi
Navoiy viloyati Nurota tumani Sentob mahallasida “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Dastlab viloyat hokimi Normat Tursunov bayram ishtirokchilarini samimiy qutladi.
– Mamlakatimizda umummilliy totuvlik, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – dedi viloyat hokimi. – Bugun yurtimizda yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilangan huquq hamda imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilmoqda. Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Sentob mahallasi ahli ushbu xalq sayliga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rdi. Xalq saylida o‘zbek va tojik millatlarining milliy urf-odat va an’analari, ahillik va qardoshlik rishtalari, tinch, obod hamda to‘kin hayoti tarannum etildi.
– Mahallamizda 606 ta oilada 2 ming 300 nafardan ziyod o‘zbek va tojik millatiga mansub aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Murod Murzoyev. – Hududimizda 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 3 ta maktab bo‘lib tojik tilida ham ta’lim olib boriladi. Aholimizning farovon turmush kechirishi uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.
Nurota tog‘larining shimoliy yon bag‘rida joylashgan Sentob qo‘shni Jizzax viloyatining Forish tumani bilan chegaradosh. Bu maskan o‘zining qadim tarixi, madaniy-merosi, o‘tmishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarining bugungi kunga qadar saqlanib qolganligi bilan boshqa qishloqlardan ajralib turadi.
Bu hududda turizm rivojlangan bo‘lib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida “2023 yilning eng yaxshi turizm qishloqlari”ni taqdirlash marosimida “Eng yaxshi turizm qishlog‘i”, deb e’tirof etilgan.
Do‘stlik va hamjihatlik bayrami doirasida “Adabiy ko‘prik” kompozitsiyasi ostida yurtimiz hamda qo‘shni davlatlarning buyuk ajdodlari adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar ko‘rgazmasi, shuningdek, milliy hunarmandchilik namunalari, qadimiy buyumlar va milliy taomlar ko‘rgazmalari, qiziqarli xalq o‘yinlari hamda milliy sport bellashuvlari tashkil etildi.
[gallery-22602]
Tadbirda o‘zbek, tojik, rus, qozoq, tatar, qirg‘iz, ozarbayjon tillarida qo‘shiqlar kuylandi.
Bu kabi xalq sayllari Navbahor tumanining Qo‘hron va Nurota tumanining Kattasoy mahallalarida ham bo‘lib o‘tdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari