Do‘stlik va bag‘rikenglik – Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim tayanchi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” haftaligi doirasida “Do‘stlik kechasi” tashkil etildi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyatda o‘zaro hurmat, hamjihatlik va fuqarolik birdamligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazilib, unda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson manfaatlari, millatlararo totuvlik va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash masalalari turganini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning milliy qadriyatlari, tili va madaniyatini asrab-avaylashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

– Do‘stlik kechasida yurtimizda qaror topgan tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhiti yuksak e’tirof etildi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limi rahbari Rustam Hayitov. – Ishtirokchilar xalqimiz birdamligi va hamjihatligini asrash, yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va madaniy dasturlar namoyish etilib, turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat g‘oyalari keng targ‘ib qilindi.

Navoiy viloyatida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik kechasi” tadbirlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot bilan bir qatorda, jamiyatda tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri