Dorixonalar iste’molchilardan 21,1 milliard so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olgan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi qarori asosida dori vositalari narxlarini nazorat qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha raqamlashtirilgan tizim joriy etilgan. Mazkur tizim orqali chakana va ulgurji savdoda dori vositalari narxlarining asossiz oshirilishini inson omilisiz aniqlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasining taklifiga asosan 2026-yil mart oyidan dori vositalari referent narxlarini nazorat qilish tizimi yanada takomillashtirildi. Xususan, ulgurji savdoda dori vositalari narxi belgilangan referent narxdan yuqori qo‘llanilganda soliq organlari tomonidan hisob-fakturalarni ro‘yxatga olish avtomatik to‘xtatish (validatsiya) tizimi joriy etildi.
Natijada ulgurji savdoda narxlarni sun’iy oshirish holatlari o‘rganilib, 12.5 mingdan ziyod chakana dorixonalarga dori vositalarini belgilangan referent narxdan qimmat sotilishining avtomatik ravishda oldi olinadi.
O‘tgan davr mobaynida 2.5 mingga yaqin dorixona tomonidan 686 mingga yaqin holatda cheklangan savdo ustamasi 10 foizdan 3 barobargacha oshirib qo‘llangani aniqlandi. Natijada, iste’molchilardan asossiz ravishda 21.1 mlrd. so‘m mablag‘ olingani ma’lum bo‘ldi va qaytarish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, 2026-yilning birinchi choragida 190 dan ortiq dorixonada 110.5 mingga yaqin holatda 1.4 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz olingan, ularni qaytarish choralari ko‘rildi.
Dori vositalarini xarid qilish bilan bog‘liq shu kabi holatlar yuz berganda 1159 ishonch raqamiga murojaat qilish mumkin, deyiladi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.
Nigora Rahmonova,
O‘zA