Dori vositalarini retsept asosida berish tartibini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi
Joriy yil 7-martda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Mazkur qonun bilan qaysi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi? Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev shu haqda ma’lumot berdi:
– Xususiy mulk huquqining har qanday buzilishi uchun javobgarlikni ta’minlash, dori vositalari va tibbiy buyumlar noqonuniy muomalasining oldini olish bo‘yicha huquqiy mexanizmlar takomillashtirildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ta’kidlash joizki, retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanishi fuqarolarda turli og‘irlikdagi zaharlanish yoki o‘lim holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Shu bilan birga, tovarlar va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi yoki realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashish yoxud to‘sqinlik qilish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lmagan hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish hamda tovarlar va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga yoki realizatsiya qilinishiga qonunga xilof ravishda aralashish yoxud to‘sqinlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yer kodeksiga yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni to‘liq yoki qisman boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish)ga ruxsat berishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunda fermer xo‘jaligi rahbari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilingan taqdirda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila a’zolaridan biriga berishi mumkinligi belgilandi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga “Vatandosh” kartasining amal qilish davrida “Vatandosh” kartasi egasining oila a’zolari (ota-onasi, eri (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) amaldagi viza muddatini ko‘p martalik viza etib uzaytirganlik uchun hamda “Vatandosh” kartasi egasi va uning oila a’zolari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlik uchun, shuningdek, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlik muddati uzaytirilganligi uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunning qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarini realizatsiya qilish talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda ushbu sohada huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshiradi.
Shuningdek, dori vositalarining noqonuniy aylanmasi natijasida aholi zaharlanishi yoki o‘limi bilan bog‘liq og‘ir oqibatlar kelib chiqishining oldi olinadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning moliyaviy imkoniyatlarini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi “Vatandosh” kartasi egalari va ularning oila a’zolari uchun qator imkoniyat va qulayliklar yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 7-martdan kuchga kirdi. Faqat qonunning 1-moddasi 1-bandi va 2-moddasining 1-bandi qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA