Donorlik ommaviy harakatga aylanmoqda
Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan shu kunlarda “Bor mehrimiz senga, bolajon!” beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida partiyaning Samarqand viloyati kengashi viloyat qon quyish markazida partiya faollari va deputatlar, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, milliy gvardiya va boshqa tashkilotlar xodimlarini jalb etgan holda xayriya tadbiri o‘tkazdi.

– Aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish partiyamizning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi, – deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Himmat Oqbo‘tayev. – Ushbu xayriya aksiyasi aynan shu maqsadlar asosida tashkil etildi. Shu paytgacha viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida aholining keng qatlamini donorlikka da’vat etib, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazdik. Donorlik butun dunyoda ommaviy harakatlardan biri hisoblanadi va bizda ham keyingi yillarda bu jarayon ancha takomillashdi. Biz ushbu aksiyani kelgusida ham davom ettirish niyatidamiz.


Tadbirda 300 nafardan ortiq kishi bemor bolalar hayotini saqlab qolish va ularning dardlariga shifo tilab donorlik aksiyasida qatnashdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari