“Dolzarb 90 kun” loyihasi samarali o‘tkazildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida 2025 yil iyun – avgust oylari davomida qanday ishlar amalga oshirildi, natija qanday bo‘ldi?
Vazirlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova bu bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan sohaga oid videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 1 iyundan 30 avgustgacha yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Xususan, joriy yilning iyun-avgust oylari davomida jami 200 mingdan ortiq tadbir tashkil etilib, mazkur tadbirlarga 7 million nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar jalb etildi.
Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 1 ming 251 ta umumta’lim maktablarida kunduzgi oromgohlar tashkil etilib, ularda 173 ming nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

Maktablarda “Yoz – 2025” loyihasi doirasida 14 ming 988 ta sport musobaqalari o‘tkazilib, ularda 306 ming nafar o‘quvchi qatnashdi.
Respublikamiz bo‘ylab 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi 79 ta to‘garaklarda 300 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar o‘z yo‘nalishlarida yangi ko‘nikmalarni egalladi.
545 ta maktabda tashkil etilgan qo‘shimcha darslarda esa 125 ming nafar o‘quvchilar qamrab olindi. 13 ming 885 ta repetitorlik va ijodiy to‘garak kurslariga jami 2 million nafardan ortiq yoshlar bilim olishdi.

Bundan tashqari, joylarda “Barkamol avlod bolalari”, “Kitobxonlar” festivallari, “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli konsert dasturlari doirasida 6 ming 338 ta tadbir tashkil etilib, ularga 294 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etildi.
Bundan tashqari, “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli jamoalari tomonidan O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida joriy yilning 26-28 avgust kunlari tuman (shahar) makrazlarida teatr namoyishlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda 360 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Shuningdek, 9 ming 505 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda 243 ming nafar o‘quvchilar qamrab olindi.
E’tiborli jihati, bu yil ilk bor 100 nafar sportchi yoshlar uchun “Lochin” dam olish maskanida o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Oromgohda o‘quvchilar o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etish orqali ularning orasidan eng iqtidorli o‘quvchilar saralab olinib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Milliy terma jamoasi shakllantirildi.
Shuningdek, joriy yilda “Dolzarb 90 kun” loyihasi davomida 54 nafar iqtidorli o‘quvchilar Rossiya, Belarus va Xitoy davlatlariga sog‘lomlashtirish oromgohlariga yuborildi. Aytish kerakki, bu boradagi ezgu ishlarning barchasi bolajonlarimizning vaqtini to‘g‘ri va unumli tashkil etish borasidagi g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin namunasidir.
N.Usmonova,
O‘zA