“Dolzarb 60 kun” doirasida yong‘inlar profilaktikasi kuchaytirildi
Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “5-iyuldan 5-sentabrgacha yurtimizda o‘tkazilayotgan “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbirlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan olti oyida Qashqadaryo viloyatida 478 ta yong‘in sodir bo‘lib, ular oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga 5 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar yetgan. Yong‘inlarda 11 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yong‘inlar soni 7,7 foizga kamaygan, yong‘inlarda insonlar halok bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmagan. Biroq tahlillar Dehqonobod, G‘uzor, Ko‘kdala, Koson, Qamashi, Nishon va Kasbi tumanlarida yong‘inlar soni ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
– Yong‘inlarning asosiy qismi inson omili bilan bog‘liq. Ayniqsa, elektr uskunalaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etilmasligi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayev.
[gallery-30331]
Ta’kidlanganidek, “Dolzarb 60 kun” tadbiri doirasida bozorlar, yirik savdo majmualari, iqtisodiyot tarmoqlari ob’ektlari, yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan korxonalar, odamlar gavjum joylar, bolalar oromgohlari, sanatoriylar hamda turar joylarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda. Shuningdek, o‘rmonlar va tabiiy hududlarni yong‘indan muhofaza qilish, qurigan xas-xashaklarni bartaraf etish bo‘yicha ham manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, elektr uskunalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inlar o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga oshgan. Shu munosabat bilan aholi, tadbirkorlar va tashkilotlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, har bir fuqaroda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mas’uliyat hissini oshirish “Dolzarb 60 kun” tadbirining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob qaytarilib, yoz mavsumi davomida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari