Dohadan Samarqandgacha…
Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni endi geografiya emas, manfaatlar belgilaydi. O‘zbekiston va Qatar munosabatlari ham aynan shu qoidaga tayanadi. Bir tomonda Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiyoti, ikkinchi tomonda Fors ko‘rfazining moliyaviy va siyosiy jihatdan ta’sirchan davlatlaridan biri. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan ishonch nafaqat diplomatik aloqa, balki butun boshli strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Dohaga navbatdagi tashrifi mazkur munosabat qanchalik mustahkam ekanini yana bir bor namoyon qildi. Rasmiy tashrif Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, amalda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy muloqot uzluksizligini tasdiqladi. Prezidentimizning Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuvida hamkorlikning bugungi holati va kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi doktoranti Madinabonu Mamajonova fikricha, aslida bu ikki davlat munosabati tarixi uzoq. Qatar O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan olgan, diplomatik munosabat 1997-yil 27-noyabrda o‘rnatilgan. Ko‘p yil davomida hamkorlik asosan rasmiy diplomatiya bilan cheklanib qoldi. Vaziyat 2016-yildan keyin keskin o‘zgardi. O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, amaliy hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatiyaga tayangan yangi yo‘nalishi Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatni ham jadallashtirdi. Xususan, Qatar eng faol sheriklardan biriga aylandi.
Bu yo‘ldagi haqiqiy burilish 2023-yilga to‘g‘ri keldi. Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning Samarqandga davlat tashrifi ikki mamlakat hamkorligida yangi sahifa ochdi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Prezidentining Dohaga javob tashrifi va “EKSPO Doha-2023” ko‘rgazmasidagi ishtiroki siyosiy muloqotni yanada faollashtirdi.
Diplomatik munosabatning institutsional asosi ham nisbatan qisqa vaqtda mustahkamlandi. 2023-yil dekabrida respublikamizning Dohadagi elchixonasi faoliyat ko‘rsata boshladi, 2024-yil fevral oyida esa Qatarga ilk elchimiz tayinlandi. Aloqalar endi muvaqqat tashabbuslar emas, balki doimiy diplomatik mexanizmga tayangan.
Investitsiyadan strategik sheriklikka
Siyosiy ishonch har qanday hamkorlik poydevori, haqiqiy qiymat iqtisodiy natijada namoyon. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qatar munosabatida aynan shu jarayon kuzatilmoqda. Bugun ikki davlat aloqalari diplomatik muloqot doirasidan chiqib, investitsiya, sanoat, energetika, transport, ta’lim sohalarini qamrab olgan sheriklikka aylangan.
Hozircha Qatar O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari qatorida emas, biroq o‘sish sur’ati boshqa ko‘plab davlatlardan yuqori. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2025-yil yakunida tovar ayirboshlash avvalgi yilga nisbatan 30,1 foiz oshgan, O‘zbekiston eksporti 36,5 foiz ko‘paygan. Yil davomida qayd etilgan yana bir muhim ko‘rsatkich tovar aylanmasi 45 foiz o‘sganidir. Bu raqamlar hali juda yirik hajmni anglatmasa-da, munosabat barqaror sur’atda kengayib borayotgani yaqqol ko‘rinadi.
O‘zbekiston Qatar bozoriga asosan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib bermoqda. Qatardan esa neft-kimyo mahsulotlari hamda yuqori texnologiyali uskuna import qilinmoqda. Eng muhimi, tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish olib boryapti. Agar ushbu hujjat imzolansa, bojxona to‘sig‘i qisqaradi, tovar harakati tezlashadi va ikki davlat biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Savdodan ham muhimroq yo‘nalish – investitsiya. Qatar bugun jahonning eng yirik sarmoyaviy markazlaridan biri. O‘zbekiston esa iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xususiy kapital jalb etish siyosati orqali jozibador bozorga aylanmoqda.
2025-yil investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning Dohaga tashrifi ana shu jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi. “Qatar Investment Authority”, “Qatar Mining”, “Qatar Pharma”, “Global Infrastructure Partners”, “Retaj Group” kabi yirik kompaniyalar bilan o‘tkazilgan muzokarada farmatsevtika, qurilish, “aqlli shahar” loyihalari, elektrobus ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va turizm sohasidagi investitsiya dasturlari muhokama qilindi.
Joriy yil hamkorlik yanada kengaydi. “Thirty Five Investment Holding” kompaniyasi bilan uzoq muddatli kapital jalb qilish istiqboli ko‘rib chiqildi. Shuningdek transport, energetika, logistika, ta’lim va turizmni qamrab olgan 7 strategik yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Demak, Qatar kapitali O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga kirib kelmoqda.
Energetika sohasi ham sheriklikning muhim nuqtasiga aylanmoqda. O‘zbekistonning “yashil” energetika dasturlari Qatar tadbirkorlarida jiddiy qiziqish uyg‘otyapti. Quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, energetika infratuzilmasini takomillashtirish tashabbuslari mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlab, qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshiradi.
Transport va logistikada ham yangi imkoniyatlar shakllanmoqda. O‘zbekiston tranzit salohiyati Qatar global logistika strategiyasi bilan uyg‘unlashmoqda. Mutaxassislar transport markazlarini rivojlantirish, raqamli aloqa kabellari barpo etish va yangi logistika zanjiri yaratish bo‘yicha qator loyihalarni muhokama qilmoqda. Bu tashabbuslar yurtimizning xalqaro transport tarmog‘idagi ahamiyatini yanada oshiradi.
Qatar uchun oziq-ovqat xavfsizligi strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston esa qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan mazkur ehtiyojni qondirish imkoniga ega davlat. Shu bois agroklasterlar tashkil etish va mahalliy mahsulotlarni Yaqin Sharq bozoriga jo‘natish alohida ahamiyat kasb etadi.
Turizm ham ikki davlat munosabatida tez rivojlanayotgan soha. Qatar kompaniyalari O‘zbekistonda mehmonxona biznesi va turistik infratuzilmaga sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Viza tartibi soddalashtirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi qo‘yilishi sayyohlar oqimini yanada tezlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Inson kapitali sohasidagi hamkorlik ham yangi mazmun kasb etmoqda. Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar, mehnat bozori ehtiyojiga mos mutaxassislar tayyorlash tashabbuslari buning yaqqol isbotidir. Ayniqsa, “Qatar Airways” tomonidan O‘zbekistondan aviatsiya, muhandislik, mexanika va elektrotexnika sohalari bo‘yicha 1600 nafargacha mutaxassisni ishga jalb qilish rejasi tuzilgani hamkorlik amaliy natija berayotganini ko‘rsatadi.
Universitetlar aro aloqa, qo‘shma tadqiqot va akademik almashinuv dasturlari hali to‘liq ishga solingani yo‘q. Demak, ilm-fan sohasidagi hamkorlik munosabatning keyingi o‘sish nuqtasi.
Tahlil ko‘rsatadiki, tezkor siyosiy muloqot bilan cheklanmaydigan O‘zbekiston – Qatar munosabati iqtisodiy manfaat, investitsiya, texnologiya va inson kapitaliga tayangan uzoq muddatli sheriklik modeliga aylanmoqda. Islohot izchil davom etsa, mazkur hamkorlik nafaqat ikki mamlakat, balki Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi mintaqalar aro integratsiyaning muvaffaqiyatli namunasiga aylanadi.
2025-yilga kelib munosabatlar strategik sheriklik maqomiga ko‘tarildi. Bu qadam shunchaki siyosiy bayonot emas, balki yangi hamkorlik institutlari shakllanishi bilan ahamiyatli. Tashqi ishlar vazirlari rahbarligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi kabi platformalar aloqani muntazam muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.
E’tiborli jihati shundaki, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston va Qatar rahbarlari besh marta yuzma-yuz uchrashdi. Bunday yuqori darajadagi muloqot turli formatda – davlat tashrifi, xalqaro sammit va gumanitar tadbirlar doirasida davom etdi. Ya’ni, munosabat faqat rasmiy protokol bilan cheklanmayapti, balki o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka asoslangan.
Parlamentlar aro diplomatiya ham faollashmoqda. 2025-yil aprel oyida Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoq 150-yubiley assambleyasi doirasida arab davlatlari, jumladan Qatar parlamenti rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar qonunchilik sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyat ochdi. Ayni holat sarmoyaviy loyihalari va ikki tomonlama kelishuvlarni huquqiy jihatdan yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston va Qatar nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro maydonda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqot platformasi shular jumlasidan. Bu maydonlarda ilgari surilayotgan tashabbuslar innovatsiya, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot va raqamli transformatsiya kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratgan.
Xullas, O‘zbekiston va Qatar siyosiy ishonchni institutsional hamkorlikka, institutsional hamkorlikni esa strategik sheriklikka aylantirishga muvaffaq bo‘ldi. Jarayonning eng muhim jihati o‘laroq, munosabat alohida tashrif yoki bayonotlar emas, balki aniq mexanizm, uzoq muddatli maqsadlar bilan mustahkamlangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA