Doʻstligimiz, ahilligimiz ramzi
Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida ikki xalq sanʼati ustalarining konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari
Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida ikki xalq sanʼati ustalarining konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlarining tantanali ochilishiga start bergan ushbu fayzli oqshomga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlarining vakillari taklif etildi.
Kechada taʼkidlanganidek, oʻzbek va tatar xalqlari azaldan umumiy tarix, anʼana va milliy urf-odatlarining oʻxshashligi bilan diqqatga sazovor. Bu esa asrlar davomida yaqin madaniy muloqotlarni olib borishga, uni yanada kengaytirishga, yutuqlarni birgalikda baham koʻrishga imkon berdi. Bu anʼanalar bugun ham davom etmoqda. Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlarining oʻtkazilishi hamkorlikning yangi bosqichdagi amaliy timsoliga aylandi.
Jonajon Oʻzbekistonimizda koʻplab millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek istiqomat etib kelayotgani mamlakatimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan oqilona va uzoqni koʻzlovchi siyosatning amaldagi yorqin ifodasidir. Ular orasida tatar millati vakillari ham shu tabarruk zamin, uning ravnaqi, xalq farovonligi, porloq istiqboli yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda. Oʻzbekistonda fan, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va sanʼat sohasi rivoji yoʻlida mehnat qilgan Rim Giniatullin, Galiya Izmaylova, Chingiz Axmarov va boshqalar katta hurmat bilan tilga olinadilar.
1990-yilda poytaxtda respublikaning eng faol milliy madaniy markazlaridan biri boʻlgan Tatar ijtimoiy madaniy-maʼrifiy markazi tashkil etildi. Ushbu markaz tomonidan turli bayramlar oʻtkazilib, ularga keng jamoatchilik jalb qilinadi. Viloyatlarda tatar xalqining tili, madaniyati va urf-odatlarini saqlashda faol ishtirok etadigan yana sakkizta tatar jamoat birlashmasi samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
Bugun mamlakatimizda dunyoning barcha davlatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlik qilish uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻzbekiston va Tatariston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. Bunday madaniy tadbirlarni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Mazkur madaniy-maʼrifiy loyihalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlaydi.
Samarqand shahridagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Termizdagi Baxshichilik sanʼati xalqaro festivali, Shahrisabzdagi Maqom xalqaro anjumani va yaqinda Qoʻqonda boʻlib oʻtgan hunarmandchilik xalqaro festivalida Rossiya, xususan, Tataristondan musiqachilar ishtirok etdilar. Shuningdek, oʻtgan yil sentyabr oyida Galiasgar Kamal nomidagi Tatar davlat akademik teatrining Toshkent shahridagi gastrol safari muvaffaqiyatli oʻtdi.
...Muhtasham sahnada joʻshqin kuy-qoʻshiqlar yangraydi. Doʻstlikni, mehr va sadoqatni, ahillikni tarannum etuvchi musiqiy asarlar ikki qardosh xalqning maqsad-muddaolari, orzu-intilishlari yagona ekaniga oʻziga xos ishoradek. Konsert dasturi sanʼat muxlislariga gʻoyat manzur boʻldi. Dilrabo musiqiy dastur bilan boshlangan Oʻzbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida spektakllar namoyishi, konsertlar, maʼrifiy uchrashuvlar, ijodkorlarning muloqotlari, davra suhbatlari, koʻrgazmalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Teatr foyesida badiiy-amaliy sanʼat koʻrgazmasi, rasmlar, shoir va yozuvchilarning kitoblari taqdimoti, sanʼatkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkillashtirildi.