DNK inson taqdirida qanday rol öynaydi?
Inson öz ajdodlaridan nimani meros qilib oladi? Nega bir oilada ulğaygan farzandlarning biri baʼzida muayyan kasallikka moyil bölsa, ikkinçisida bunday holat kuzatilmaydi? Nima uçun bir xil irsiy xususiyatlarga ega egizaklarning salomatligi, xulq-atvori va hayot yöli bir-biridan farq qilişi mumkin? Bu savollarning javobi bizni inson organizmidagi eng murakkab axborot manbai – DNKga olib boradi.
Ekspertlar fikriça, dezoksiribonuklein kislotasi - DNK har bir insonning biologik öziga xosligini şakllantiruvçi irsiy axborotni saqlaydi. Unda organizmning rivojlanişi, hujayralar faoliyati va ayrim xususiyatlarning avloddan avlodga ötişi bilan boğliq körsatmalar mujassam, biroq genetik axborotni insonning kelajagini töliq belgilab beruvçi özgarmas hukm sifatida qabul qiliş ilmiy jihatdan töğri emas.
Genlar taşqi köriniş, ayrim fiziologik xususiyatlar va kasalliklarga moyillikda muhim örin tutadi. Ularning taʼsiri organizmning boşqa biologik jarayonlari hamda taşqi muhit bilan çambarças boğliq. Butunjahon soğliqni saqlaş taşkiloti genomikani genlarning nafaqat tuzilişi, balki özaro va taşqi muhit bilan munosabatini örganuvçi fan sifatida taʼriflaydi.
Yevropa molekulyar biologiya laboratoriyasi boş direktori örinbosari, genomika sohasidagi taniqli olim Evan Birni bu masalaga eʼtibor qaratib, DNK inson taqdiri emasligini taʼkidlaydi. Uning fikriça, taşqi körinişimiz, xatti-harakatlarimiz, qaysi kasalliklarga çalinişimiz yoki çalinmasligimiz, umuman, şaxs sifatida şakllanişimizga köplab omillar taʼsir körsatadi.
- DNK - taqdirimiz emas, deb yozadi olim öz maqolasida. - Insonning kim bölib şakllanişida biz duç keladigan muhit, muloqot qiladigan odamlar, ega böladigan imkoniyatlarimiz va özimiz qabul qiladigan qarorlar ham ulkan ahamiyatga ega.
Bu fikr genetikaga nisbatan keng tarqalgan biryoqlama qaraşni qayta körib çiqişga undaydi. Masalan, böy uzunligiga irsiy omillar kuçli taʼsir körsatsa-da, bolalikdagi ovqatlaniş, soğliq va rivojlaniş şaroitlari ham uning şakllanişida muhim. Taʼlimdagi muvaffaqiyatni ham faqat tuğma qobiliyat bilan izohlab bölmaydi. Oilaviy muhit, maktabdagi taʼlim sifati, ustozlar va ijtimoiy imkoniyatlar inson salohiyatining röyobga çiqişiga taʼsir qiladi.
Demak, genetik meros imkoniyatlar va moyilliklarning bir qismini belgilaydi, ammo ular qanday namoyon bölişi köp jihatdan hayot davomidagi şaroitlarga boğliq.
Genetikaning eng muhim yönalişlaridan biri – irsiy kasalliklarni örganiş. Ayrim kasalliklar bitta gendagi özgariş bilan boğliq bölişi mumkin. Masalan, “Xantington” kasalligi muayyan gendagi irsiy özgariş natijasida yuzaga keladi. Bunday holatlarda genetik omilning taʼsiri juda kuçli, ammo yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabetning keng tarqalgan turlari va köplab ösma kasalliklari kabi murakkab xastaliklarni faqat bitta gen bilan izohlab bölmaydi. Ularda köplab genetik variantlar, yoş, ovqatlaniş, jismoniy faollik, zararli odatlar va taşqi muhit omillari birgalikda iştirok etadi.
AQŞ Milliy atrof-muhit salomatligi fanlari instituti maʼlumotlariga köra, aksariyat kasalliklar genetik xususiyatlar va taşqi muhit örtasidagi murakkab taʼsir natijasida rivojlanadi. Havo va suv sifati, kimyoviy moddalar, oziqlaniş hamda boşqa taşqi omillar insondagi irsiy moyillikning namoyon bölişiga taʼsir qilişi mumkin.
Bu jarayon gen va muhitning özaro taʼsiri deb ataladi. Masalan, bir xil zararli taʼsirga duç kelgan ikki insonning organizmi unga bir xil javob bermasligi mumkin. Genetik xususiyatlar ularning taʼsirçanligi va kasallikka çaliniş ehtimolida farq paydo qiladi. Şuning uçun irsiy xavf mavjudligi kasallik albatta rivojlanadi, degani emas.
Inson genomi loyihasiga rahbarlik qilgan amerikalik genetik olim Frensis Kollinz ham genetik maʼlumotlarni mutlaq başorat sifatida talqin qilişga qarşi fikr bildirgan.
- Genetika hamma narsani oldindan belgilab qöymaydi, -dedi u OAVga bergan intervyusida. - Bunda taşqi muhit juda katta ahamiyatga ega. Insonning öz tanasiga qanday munosabatda bölişi, ovqatlanişi va çekiş-çekmasligi kabi qarorlari ham muhim.
Kollinz egizaklarni misol keltiradi: ularning DNKsi bir xil bölişiga qaramay, salomatligi va tibbiy tarixida farqlar kuzatilişi mumkin. Bu esa bir xil irsiy axborot har doim bir xil natija bermasligini körsatadi.
Zamonaviy genomika faqat irsiy xususiyatlarni aniqlaş bilan çeklanmaydi. Bugun u kasalliklarni erta taşxislaş, davolaş usulini tanlaş, dori vositalarining organizmga taʼsirini baholaş va ayrim xastaliklarning oldini olişda ham qöllanilmoqda. Masalan, farmakogenomika insonning genetik xususiyatlari dorilarga qanday taʼsir körsatişini örganadi. Ayrim dori vositalari bir odamda samarali natija bersa, boşqasida kutilgan taʼsirni körsatmasligi yoki nojöya taʼsirlarni keltirib çiqarişi mumkin. Genetik maʼlumotlar şifokorga dori tanlaş va uning miqdorini belgilaşda qöşimça asos bölib xizmat qiladi.
Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti genomik texnologiyalarning tibbiyotdagi qöllaniş sohalari qatoriga kasallik xavfini baholaş, taşxis qöyiş, davolaş usulini tanlaş va kasallik keçişini kuzatişni kiritadi. Bu esa tibbiyotning umumiy yondaşuvdan individual yondaşuvga ötişida genetik tadqiqotlar ahamiyati ortib borayotganini körsatadi.
Ayniqsa, oilada irsiy kasalliklar uçragan hollarda genetik maslahat muhim. Mutaxassislar zarur tekşiruvlar orqali muayyan özgarişning avlodga ötiş ehtimolini baholaşi, oilaga tibbiy va reproduktiv masalalar böyiça tuşuntiriş berişi mumkin. Har qanday genetik tahlilni özboşimçalik bilan ötkaziş yoki uning natijasiga asoslanib xulosa çiqariş töğri emas. Tekşiruv maqsadi, natijaning işonçliligi va uning klinik ahamiyati mutaxassis tomonidan baholanişi kerak.
Genetikadagi yana bir muhim yönaliş – epigenetika. U DNK ketma-ketligi özgarmagan holda genlar faolligining qanday boşqarilişini örganadi. Boşqaça aytganda, genetik axborot saqlanib qoladi, ammo ayrim genlarning faolligi kuçayişi yoki susayişi mumkin.
Bu jarayonga yoş, ovqatlaniş, jismoniy faollik, stress va taşqi muhit taʼsir qilişi mumkin. Epigenetik özgarişlar hujayralarning rivojlanişi va faoliyatida muhim örin tutadi. Bu holat inson öz genini turmuş tarzini özgartiriş orqali töliq boşqara oladi, degani emas. Fan hozirça barça epigenetik jarayonlarning mexanizmlari va ularning uzoq muddatli oqibatlarini töliq oçib bergani yöq.
Şunga qaramay, bu yönaliş irsiyat va hayot şaroitlari örtasidagi boğliqlikni çuqurroq anglaşga yordam bermoqda. Inson organizmidagi biologik jarayonlar tuğilişdan qarilikkaça özgarib boradi. Genlar, hujayralar va taşqi muhit örtasidagi munosabat ham ana şu jarayonning bir qismidir.
Genomik texnologiyalar rivojlangani sari yana bir masala dolzarblaşmoqda: insonning irsiy maʼlumotlari kimning qölida va qanday maqsadlarda saqlanadi? DNK tahlili orqali olingan axborot nafaqat şaxsning özi, balki uning yaqin qarindoşlari haqida ham muayyan maʼlumot berişi mumkin. Şu bois, genetik maʼlumotlarning maxfiyligi, ulardan foydalaniş tartibi va insonning öz maʼlumotlari ustidan nazorati muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti genomik maʼlumotlarni töplaş, saqlaş, ulardan foydalaniş va özaro almaşişda huquqiy hamda axloqiy meʼyorlarga rioya qiliş zarurligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, genetik maʼlumotlar asosida insonni işga qabul qiliş, suğurtalaş yoki boşqa ijtimoiy munosabatlarda kamsitiş xavfiga yöl qöymaslik lozim.
Genetik tekşiruv natijasi insonning şaxsiy qadr-qimmati yoki kelajakdagi imkoniyatlariga baho beriş mezoniga aylanmasligi kerak. Ilmiy taraqqiyotning asosiy maqsadi insonlarni irsiy xususiyatlariga qarab ajratiş emas, balki ularning salomatligini muhofaza qiliş, kasalliklarni erta aniqlaş va samarali davolaş imkoniyatlarini kengaytirişdan iborat.
DNK inson haqida köp narsani aytib berişi mumkin. U ajdodlardan ötgan biologik merosni, ayrim kasalliklarga moyillikni va organizmning öziga xos xususiyatlarini oçib beradi. Insonning qanday yaşaşi, qanday bilim va könikmalarni egallaşi, qanday qarorlar qabul qilişi va öz imkoniyatlarini qay darajada röyobga çiqarişi faqat genlarga boğliq emas. Binobarin, DNK insonning qayerdan kelganini tuşuntirişi mumkin, ammo qayerga borişini töliq belgilab bermaydi.
Musulmon Ziyo, ÖzA