Diyor Imomxo‘jayev O‘zPFL bosh direktori lavozimiga qayta saylandi
Tashkilot Ijroiya qo‘mitasining sakkiz nafar a’zosi uning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori lavozimida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Tashkilot Ijroiya qo‘mitasining sakkiz nafar a’zosi uning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur masala 19-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rib chiqildi. Muhokamada qo‘mitaning barcha a’zolari qatnashdi. Odil Ahmedov va Alisher Yusupov Kuala-Lumpurdan, Elbek Samatov esa Andijondan turib masofaviy tarzda ovoz berdi.
Imomxo‘jayevning nomzodi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan ilgari surilgandi. U imzolagan taqdimnoma 17-avgust kuni Liga Ijroiya qo‘mitasiga yuborilgan.
Ovoz berish natijasida Diyor Imomxo‘jayev navbatdagi vakolat muddati uchun O‘zPFL bosh direktori etib tasdiqlandi. U 2026 yil 19-avgustdan boshlab tashkilotni yana to‘rt yil boshqaradi.