Dillarni birlashtirgan “Uch avlod uchrashuvi”
Namangan viloyati sudida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Butun hayotini el-yurt xizmatiga baxshida qilgan insonlarning xotirasi abadiy, qadri muqaddas. Ular garchi oramizda bo‘lmasalar ham bosib o‘tgan umr yo‘llari, qoldirgan ezgu amallari ko‘plar uchun ibrat maktabidir. Mazkur tadbirga, turli yillarda viloyat sud idoralarida faoliyat olib borgan marhum sudyalarning oila-a’zolari, shogirdlari, hamkasblari taklif etildi.

Viloyat sudi raisi Alisher Usmonov o‘tganlarni yod etib, ularning ezgu fazilatlari, kasbga bo‘lgan sadoqatlarini xotirladi. O‘tganlar xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyishi esa barchaning qalb tubidagi his-tuyg‘ularni, dillardagi xayajonlarni tillarga ko‘chirdi.

Tadbirda faxriylar keyingi yillarda mamlakatimizda sud idoralari hamda sudyalarga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib, bu jarayonlarda ayniqsa, tizimda ko‘p yillar ishlagan keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ijobiy ishlar olib borilayotgani haqida so‘z yuritdi. Bugungi “Uch avlod uchrashuvi”, xotira tadbiri ham buning yorqin ifodasi ekanligi aytib o‘tildi.


Shuningdek, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan, ayni kunlarda qutlug‘ 60 yoshga to‘lgan Nurillo Abbosovga ehtirom ko‘rsatildi.

Uch avlod vakillarini birlashtirgan uchrashuvning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, unda joriy yil Namangan viloyatidan Sudyalar oliy maktabiga o‘qishga qabul qilingan 12 nafar yoshga oq yo‘l tilandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.