Deputatlar faoliyati tahlil qilindi
Nukusda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoliyatini yanada jonlantirish, deputatlarning vakolatlaridan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda deputatlar tomonidan 2025 yilning sakkiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan fikr almashildi. Jumladan partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhamedjanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Jumamuratov va boshqa so‘zga chiqqanlar partiya tashkilotlari tomonidan hududda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va kamchiliklarga e’tibor qaratib, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarish, deputatlar tomonidan hali to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlarni aniqlash, saylovchilar va elektorat manfaatlarini himoya qilish kabi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

– Bugungi kunda saylovchilarni oddiy hisobot yoki quruq va’dalar bilan ishontirib bo‘lmaydi. Siyosiy ongi va tafakkuri tobora yuksalib borayotgan aholi deputatlardan amaliy ishlar va aniq tashabbuslar kutadi. Shuning uchun har bir xalq vakili o‘zining deputatlik maqomiga munosib ravishda, katta mas’uliyat bilan ish olib borishi zarur – deya ta’kidladi Feruza Muhamedjanova. Shunga muvofiq, mahalliy vakillik organlaridagi partiya guruhlari va deputatlarni o‘z vakolatlaridan samarali foydalanishga, saylovchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda tashabbuskorlikni yanada oshirishga chaqirdi.

Uchrashuvda deputatlar tomonidan partiya dasturiy vazifalarini yanada samarali amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi. Hususan, yoshlar bilan ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, milliy qadriyatlar va tarixiy meros obektlarini asrab-avaylash, ta’lim va ma’naviyat sohasidagi qator loyihalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida samarali faoliyat ko‘rsatgan bir qator deputatlar partiya Markaziy Kengashi tomonidan Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri