Deputat saylovchilar bilan uchrashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Axmed Reymov o‘zi saylangan Nukus shahridagi “Qum ovul” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda xalq vakili hudud aholisini Navro‘z umumxalq bayrami bilan muborakbod etdi. Saylovchilarga davlatimiz rahbarining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonining mazmun-mohiyati hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida joriy yilning 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida belgilab berilgan ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida aholining muammo va takliflari tinglandi. Jumladan, ishtirokchilar tomonidan yo‘llarni asfaltlash va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish kabi muammolar bildirildi.
Ko‘tarilgan masalalarning aksariyati qonun doirasida o‘rganilib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovnoma yuborish orqali bajarilishi nazoratga olindi. Deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi joylarda davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri