Deputat ko‘magida 4 nafar fuqaro ishli bo‘ldi
Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Artur Ibaydullayev ko‘magi bilan hududdagi 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
– Men va oilam bugun juda xursandmiz,– deydi tumandagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yoshlardan biri D.Xaytbayev. – O‘zimiz ovoz bergan deputat tomonidan "Ko‘prik qurilish" tresti davlat unitar korxonasi 14-sonli ko‘prik qurish otryadiga ishga qabul qilindim.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va, ayniqsa, “Yoshlar daftari”ning joriy etilishi yoshlarning bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida “Temir daftar”ga 1 ming 777 nafar, “Ayollar daftari”ga 1 ming 87 nafar va “Yoshlar daftari”ga 1 ming 426 nafar fuqaro kiritilgan. Hozirgi kunda 128 nafar “Temir daftari” va 836 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqaroga ko‘maklashildi.
Taxiatosh tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqorida qayd etilganlarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashi deputatlarining OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Deputat mahallada – muammolar yechimi sari” loyihasi doirasida o‘zlari saylangan hududlarning ijtimoiy infratuzilmasi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “mahallabay” o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,O‘zA