Deputat ijtimoiy uy-joy masalasida poytaxt hokimiga so‘rov yubordi
«Adolat» SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Gulruh A’zamova poytaxtda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni davlat uy-joy fondi hisobidan turar joy bilan ta’minlash holati yuzasidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovga deputatlik so‘rovi yubordi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida davlat uy-joy fondidan foydalanish va ijtimoiy uy-joylarni elektron navbat asosida ochiq hamda adolatli taqsimlashning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Biroq, deputatlarning joylarda saylovchilar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlari, fuqarolar qabullarida bildirilayotgan murojaatlar hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan materiallar mazkur yo‘nalishda hali yechimini kutayotgan qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
2026-yil 16-iyul kuni internet nashrlarining birida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, nogironligi bo‘lgan fuqaro Irina Jo‘rayevaning murojaati e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha, fuqaro 2019-yildan buyon davlat uy-joyi olish uchun navbatda turibdi, o‘tgan davr mobaynida esa uning navbati 26-o‘rindan atigi 16-o‘ringa siljigan.
Mazkur holat jamoatchilik vakillari qatorida deputatda ham ijtimoiy uy-joy fondining yetarliligi va uni taqsimlash jarayonining ochiqligi yuzasidan qator savollarni keltirib chiqardi.
Shu munosabat bilan Gulruh A’zamova deputatlik so‘rovida Toshkent shahar hokimidan quyidagi masalalar bo‘yicha asoslantirilgan ma’lumot taqdim etishni so‘ragan:
— Toshkent shahrida davlat uy-joy fondi hisobidan ijtimoiy uy-joy olish uchun navbatda turgan fuqarolarning toifalar kesimida ta’minlanish holati;
— davlat uy-joy fondini kengaytirish, ijtimoiy uy-joylar sonini ko‘paytirish va ehtiyojmand aholini turar joy bilan ta’minlash borasidagi muammolar hamda ularni hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar;
— uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga davlat uy-joy fondidan uy-joy ajratish jarayonini raqamlashtirish va idoralararo elektron tizimlarni integratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar;
— ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning munosib yashash sharoitlarini, jumladan, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishni ta’minlash borasida kelgusida amalga oshiriladigan aniq rejalar.
Deputat «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasi hamda «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘n kun muddatda asoslantirilgan tushuntirish va rasmiy munosabat taqdim etilishini so‘ragan.
M.Komilova, O‘zA