Departament: 634 tadbirkor faoliyati qonuniylashtirildi, 833 yangi ish o‘rni yaratildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida o‘tkazgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.
Haqiqatan, tadbirkorlik qilishga bel bog‘lagan kishilarga imkon berish, uning qonuniy faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlash ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishning muhim omilidir.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tadbirkorlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarda shu jihatlarga e’tibor qaratilmoqda.
Departament tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 634 ishlab chiqaruvchi sub’ektning faoliyati qonuniylashtirildi. 833 yangi ish o‘rni yaratildi.

Faoliyatni qonuniylashtirish tadbirkorni jazolash emas, balki uning ishini huquqiy asosga o‘tkazish, biznesini rivojlantirish va yangi imkoniyatlardan foydalanishiga sharoit yaratishdir.
Qonuniy faoliyat yuritgan tadbirkor ishlab chiqarishni kengaytiradi, investitsiya jalb qiladi va yangi ish o‘rinlari yaratadi. Natijada aholi daromadlari va oilalar farovonligi ortadi.
Tadbirkor qonuniy ishlasa, ishlab chiqarish rivojlanadi. Ishlab chiqarish rivojlansa, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yangi ish o‘rinlari yaratilsa, oila farovonligi ortadi.
Zero, tadbirkorlikni qonuniylashtirish — yangi imkoniyatlar, yangi ish o‘rinlari va barqaror taraqqiyot uchun mustahkam zamin.
Bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA