Denovda Surxon taomlari sayli o‘tkaziladi
Surxondaryo viloyati Denov tumanida joriy yilning 10 mart kuni milliy taomlar sayli bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 dekabrdagi tegishli chora-tadbirlar rejasida viloyatda milliy qadriyatlar keng tarannum etiladigan “Etnik sayillar” ni o‘tkazish belgilangan. Shunga muvofiq tashkil etilayotgan tadbirda Denov, Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy va Sho‘rchi tumanlari milliy uslubda bezatilgan pavilonlarni barpo etadi. Hududlarga xos tansiq taomlar ko‘rgazmasi, taomlarni tayyorlash bilan bog‘liq udum, an’ana va uslublarni keng namoyish qiladi.
– Ko‘klam nish ura boshlagan tog‘lar qo‘ynidagi xushmanzara qishloqda ilk marta milliy qadriyatlarimiz tarannum etiladigan qiziqarli sayl vohaga xorijlik va mahalliy sayyohlarni keng jalb etish, milliy taomlarimizni targ‘ib qilish va tansiq taom tayyorlaydigan mohir oshpazlarimizni munosib rag‘batlantirishga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. –Shuningdek, maftunkor bahor shodiyonasiga aylanadigan sayilda folklor etnografik jamoalar, milliy cholg‘u guruhlari va yosh san’atkorlarning chiqishlari, an’anaviy xalq o‘yinlari bo‘yicha turli musobaqalar ham o‘tkaziladi.
Ayni paytda mazkur tadbirni yuksak saviyada tashkil etish yuzasidan dastlabki tayyorgarlik ishlari boshlandi. Sayil yakunida “Eng yaxshi taom” va “Eng yaxshi oshpaz” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, maxsus diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri