Dehqon uchun har bir kun gʻanimat
Ayni kunlarda Fargʻona viloyati dehqonlari 82 ming 80 gektar maydonda chigit ekish ishlarini yakunlamoqda.
Ayni kunlarda Fargʻona viloyati dehqonlari 82 ming 80 gektar maydonda chigit ekish ishlarini yakunlamoqda. Baraka urugʻini qadashda tumanlarning sharoiti inobatga olinib, bu boradagi ishlarni qisqa muddatlarda, sifatli amalga oshirishga muhim eʼtibor qaratilyapti.
Dangʻara tumani ekin maydoni katta hududlaridan biri hisoblanib, viloyatning qishloq xoʻjaligi rivojiga munosib ulush qoʻshadi. Tuman qishloq xoʻjaligida barcha agrotexnik tadbirlar yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi bois pillachilik, paxtachilik, gʻallachilikda yuqori natijalar qoʻlga kiritib kelinmoqda. Ayni kunlarda 6 ming 190 gektar maydonga gʻoʻzaning hudud iqlimiga mos, serhosil “S8290”, “Sulton” navlarini ekish ishlari yakunlandi. 8 ming 670 gektar maydonda esa bugʻdoy baravj oʻsmoqda.
“Yigitali ota”, “Chankat gʻururi”, “Sirdaryo moʻjizasi”, “Yoqubjonov Dadamirza”, “Abdurahmon zamindor” kabi fermer xoʻjaliklarida ekish ishlari birinchilardan boʻlib yakunlanib, gʻoʻza nihollari bir tekis unib chiqdi.
“Gulmira” fermer xoʻjaligi paxta va gʻalla yetishtirishda katta tajribaga ega. Har yili shartnomalar ortigʻi bilan bajarilib, fermer yaxshi daromad koʻrmoqda.
-Dehqon uchun har bir kun gʻanimat, -deydi fermer xoʻjaligi rahbari Isroil Mamadaliyev.- Chigitni vaqtida ekish moʻl hosil garovi ekanligini yaxshi bilamiz. Joriy yilda 36, 8 gektar maydonga chigit qadadik va bir tekis unib chiqqanini koʻrib, koʻnglimiz toʻldi. Gʻoʻzaga birinchi ishlov berishni ham boshlab yubordik. Fermer xoʻjaligimizdagi mavjud gʻalla maydonlari 3 marotaba kimyoviy va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirildi.