Davlatobodda yosh sportchilar uchun yangi imkoniyat yaratildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanida sport sohasiga ixtisoslashtirilgan yana bir zamonaviy ob’ekt — kamondan otish majmuasi foydalanishga topshirildi. Majmua Namangan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi qoshida barpo etildi.
Loyiha doirasida o‘lchami 30x12 metr bo‘lgan sendvich panelli zamonaviy sport zali qurildi. Ob’ekt buyurtmachisi Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK bo‘lib, loyiha “ARK dizayn” xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish ishlarini “Porloq Kapital Invest” MCHJ amalga oshirdi.
[gallery-31388]
Qurilish ishlari 2026-yil 1-mayda boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 490 million so‘mni tashkil etadi, shundan 2,4 milliard so‘m Davlat dasturi asosida ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirildi.
Ma’lum qilinishicha, yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi viloyat sport infratuzilmasini boyitish bilan birga, kamondan otish sport turiga qiziquvchi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Zamonaviy sharoitda mashg‘ulot olib borish sportchilar mahoratini oshirish, ularni respublika va xalqaro musobaqalarga tayyorlash hamda yuqori natijalarga erishishlariga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA