Davlat xizmatlari: tezkor va qulay
Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘’mon Muhammadiyev, viloyat adliya boshqarmasi, shahar sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirilayotgani aholining turmush tarzini yaxshilashda, yurtimizda investitsiya iqlimi, ishchanlik muhiti va biznesni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida ham aholi soni yildan yilga ortib ayni paytda 65 ming nafarga yetgan. Davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham shunga hamohang oshayotir. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Davlat xizmatlari markazi tomonidan qariyib 13 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 50 ta, yuridik shaxs sifatida esa 81 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Markazga bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, elektr, gaz, suv tizimlariga ulanish, manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish, fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish kabi davlat xizmatlari bo‘yicha murojaatlar ko‘p bo‘lmoqda.

Yangi binoning betakror dizayni, yaratilgan sharoitlar bu yerga keluvchilarga yaxshi kayfiyat ulashish bilan birga sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Ayniqsa, shinam zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar, sizni doimo tabassum bilan kutib oluvchi maslahatchilar, ona va bola xonasi, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish xonasi, shinam kutubxona, kutish joylarining tashkil etilgani mijozlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
–Markaz binosining qurilishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanildi. – dedi Yangiyo‘l shahar Davlat xizmatlari markazi direktori Valixo‘ja Xolxo‘jayev. — Bu axborot tizimlarini idoralararo integratsiya qilinishini kuchaytirib, aholining davlat xizmatlarini qulay va o‘z vaqtida olishiga xizmat qiladi. Tashrif buyuruvchilarning navbatini tartibga solish va ularga xizmat ko‘rsatishni baholab borish maqsadida “QMATIC” qurilmalari tizimi o‘rnatildi. Bunday imkoniyatlar aholiga yanada qulayliklar yaratib, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Endilikda aholiga keng va yorug‘, shinam xonalarda xizmat ko‘rsatiladi. 10 ta qabul oynasida shaffoflik mezoni asosida xizmatlar ko‘rsatilsa, elektron navbat tizimi 5 ta monitorda aks etib turadi.
— Avvallari arzimas yumushlarni bajarish uchun ham ko‘p vaqtimiz davlat idoralarida o‘tardi, — deydi Saydulla ota To‘xtayev. — Hozir oldingidek sarsongarchiliklar yo‘q. Barcha yumushimizni shu joyni o‘zida bitirib ketamiz. To‘lovlarni qabul qilish uchun kassalar ham tashkil etilgan. Bu, ayniqsa, bizdek yoshi ulug‘ insonlar uchun juda qulay.
Markaz binosida Bosh vazir qabulxonasi, notarius va adliya bo‘limlari ham joylashgan.
A. Musayev,
O‘zA muxbiri