Davlat xizmatlari ko‘rsatish hajmi ortmoqda
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 150 tadan oshdi. Xususan, Toshkent viloyati tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga tezkor, qulay va shaffof tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 494 ming 627 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan 2 mingdan ortig‘i sayyor tartibda amalga oshirildi. Viloyatdagi 7 ta markaz filial tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 2 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Ko‘rsatilgan davlat xizmatlari statistik hisobotlarga ko‘ra eng ko‘p murojaat bolalarni bog‘chaga joylashtirish, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish, narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish, kadastr pasportini shakllantirish, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR) aniqlash, olish va o‘zgartirish, sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnoma olish yo‘nalishida bo‘lgan.
Ayniqsa, tadbirkorlik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tganlar soni 10 ming 973 tani tashkil etgan. Shundan 4 ming 643 tasi yuridik shaxslar bo‘lsa, 6 ming 330 tasi jismoniy shaxslar hisoblanadi. Ta’kidlash kerakki, ular orasida 92 ta tadbirkor sayyor tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 3 ming 698 nafari esa markazga kelib tadbirkor sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tgan.
Joriy yil boshidan buyon Toshkent viloyatida 18 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, shu kunga qadar Toshkent viloyatida 415 ta xorij korxonalari hamda 523 ta qo‘shma korxona davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
Musa Karimov,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i