Davlat xizmatida kadrlar boshqaruvi: Samaradorlik va raqamlashtirish
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.
Farmon ijrosi doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan idora va tashkilotlarda samaradorlikni oshirish, inson resurslarini boshqarish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ishlarinii tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
Navbatdagi tadbir Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkilib etilib, unda inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish uchun mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari S.Bobojonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ul xodimi D.Mahkamova ishtirok etgan tadbir davomida farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
Kadrlar salohiyatidan samarali foydalanish, xodimlar faoliyatini aniq natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash, kadrlar bilan ishlashda shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirish, inson resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

hrm.gov.uz platformasida ishlash samaradorligini oshirish, tizimdagi ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligini ta’minlash, kadrlar bilan bog‘liq jarayonlarni platformada o‘z vaqtida va belgilangan tartibda yuritish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, inson resurslarini boshqarishda zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanish shunchaki texnik jarayon emas, balki davlat xizmatida ochiqlik, hisobdorlik va natijadorlikni ta’minlashning muhim sharti. Har bir davlat organida kadrlar bilan ishlash tizimi xodimlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, samarali faoliyat yuritishiga sharoit yaratish hamda tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalarning sifatli bajarilishiga xizmat qilishi lozim.
Muhokamalar yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, platformada ish yuritish sifatini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA