Davlat xizmatchilarining kasbiy ko‘nikmalari oshiriladi
Samarqandda davlat xizmatida kasbiy motivatsiya va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-trening boshlandi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman(shahar)” maqomi berilgan 33 tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etmoqda.
Treningda mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish va raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar sharoitida davlat xizmatchilariga qo‘yilayotgan talablar tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Xususan, samarali davlat boshqaruvi texnik bilimlar bilan bir qatorda fuqarolar ehtiyojlariga e’tiborni saqlab qolgan holda o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtiradigan, motivatsiyali, moslashuvchan va bardoshli mutaxassislarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu bois treningda fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ish jarayonidagi qiyinchiliklarni oson yengish va o‘zgarishlarga moslashish uchun zarur bo‘lgan shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Davlat boshqaruvini muvaffaqiyatli isloh qilish nafaqat zamonaviy tizimlar va texnologiyalarga, balki motivatsiyasi kuchli va barqaror davlat xizmatchilariga ham bog‘liq, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi muvaqqat ishlar vakili hamda siyosiy masalalar, matbuot va axborot bo‘limi rahbari Renata Vrobel xonim. – Shu jihatdan, Yevropa Ittifoqi davlat xizmatchilarining o‘zgarishlarga moslashish, sifatli xizmatlar ko‘rsatish va fuqarolar ehtiyojlariga yanada samarali javob berish ko‘nikmalarini mustahkamlaydigan tashabbuslarga ko‘mak berishdan faxrlanadi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar kasbiy motivatsiya, stress menejment, hissiy barqarorlik va samarali muloqot sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Dastur, shuningdek, yuqori samaradorlikni saqlab qolish, kasbiy charchoqning oldini olish va uzluksiz o‘rganish hamda institutsional rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi ijobiy ish muhitini shakllantirish strategiyalarini ham o‘z ichiga oladi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji xonimning ta’kidlashicha, davlat xizmatchilarining motivatsiyasi, barqarorligi va kasbiy o‘sishiga sarmoya kiritish – jamoatchilik tomonidan ishonch qozongan, fuqarolarga moslashuvchan va inklyuziv muassasalarni barpo etish uchun muhim ahamiyatga ega. Bunday tashabbuslar orqali har bir fuqaroning ehtiyojlarini qondirishga tayyor bo‘lgan davlat xizmati shakllantiriladi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston davlat boshqaruvining institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lib, loyiha doirasida 2029-yilgacha 1000 nafar davlat xizmatchilarining inklyuziv, fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha malakasi oshiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri