Davlat xizmatchilari “Zakovat”da bahslashdi
Yurtimizda intellektual o‘yinlar, xususan, aqlni charxlovchi, bilim va dunyoqarashni yuksaltirishga xizmat qiluvchi "Zakovat" o‘yini ommalashmoqda. Zero, bunday musobaqalar yoshlarimizda chin ma’noda zakovat, hozirjavoblik va intiluvchanlik xislatlarini kamol toptiradi.
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr -konsert saroyida viloyat hokimi kubogi uchun davlat xizmatchilari o‘rtasida "Zakovat" intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 40 ta jamoa kuch sinashdi.

Musobaqada viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Rahimov so‘z olib, davlat xizmatchilarining bilimli, ma’rifatli bo‘lishida bu kabi tadbirlarning ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.
– Aslida barcha yoshlarimiz "Zakovat" chilar hisoblanadi. Lekin aynan davlat xizmatchilari ishtirokidagi bunday bellashuvlar o‘ziga xos bayramga aylanib ketadi. Eng muhimi, "Zakovat" o‘yinlari aholi, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ilmga intilishni rag‘batlantirish va ma’naviy-ma’rifiy salohiyatni yuksaltirishda beqiyos kuchga ega. Bunday tadbirlarni an’anaviy tarzda davom ettiraveramiz, -- dedi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali rahbari Ahadjon Akbarov.

Qizg‘in va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan o‘yinda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasining jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi jamoasi ikkinchi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblar tashkilotchilarning maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA muxbiri