Davlat xaridlari tizimi takomillashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining Sirdaryo viloyatida davlat xaridlarining amalga oshirilishi holati yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining Sirdaryo viloyatida davlat xaridlarining amalga oshirilishi holati yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Parlament quyi palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari B.Bo‘ronov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznesning davlat xaridlari tizimidagi ishtiroki darajasi tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 7-fevraldagi “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi hamda 2013-yil 5-apreldagi “Elektron xaridlar tizimini maqbullashtirish va ulardan tadbirkorlik subyektlarining foydalanishini kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorlari sohani yanada rivojlantirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Sirdaryo viloyatida 2015-yilda elektron auksion va elektron katalog savdolari natijasi bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 21 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilgan, o‘tkazilgan savdolar natijasida salkam 10 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari tejalgan.
O‘rganish davomida viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligi va O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi vakillari, viloyat moliya va g‘aznachilik boshqarmalari xodimlari, hududiy birja mutaxassislari, brokerlar, savdo maydonchalari registratorlari, byudjet tashkilotlari va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazilib, unda sohani yanada takomillashtirishga doir fikr-mulohazalar bildirilgan.
Muhokamalar yakunida deputatlar tomonidan nazorat-tahlil ishlari natijalaridan kelib chiqib, sohaga oid qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.