Davlat va jamoat arbobi Golishev Vyacheslav Arkadevich vafoti munosabati bilan hamdardlik
Davlat va jamoat arbobi Golishev Vyacheslav Arkadevich shu yilning 7-aprel kuni 75 yoshida vafot etdi.
Vyacheslav Golishev 1951-yil 4-mayda Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida tug‘ildi. 1972-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) tugatib, iqtisodchi mutaxassisligini oldi. 1980-yilda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomladi va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Mehnat faoliyatini matbaa sohasida iqtisodchi sifatida boshlab, keyinchalik Toshkent xalq xo‘jaligi instituti, O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishladi.
1992-1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. V.A.Golishev 2005-2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari lavozimlarida mehnat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashning muhim yo‘nalishlariga rahbarlik qildi.
Davlat boshqaruvi sohasidagi faol va tashabbuskor xodim sifatida ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etdi. Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashdi.
Bir necha marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylandi, parlamentarizm, mamlakatimizdagi o‘zgarishlarning qonunchilik bazasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.
Yangi avlod iqtisodchi kadrlarini tayyorlash borasida ham faol ish olib bordi.
Vyacheslav Golishevning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Davlat va jamoat arbobi, iqtisodiyot sohasidagi yirik olim va mutaxassis, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Vyacheslav Arkadevich Golishevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh. Mirziyoyev, T. Norboyeva, N. Ismoilov,
A. Aripov, Sh. Ayupov, S.Turdiyev