Davlat korxonalarida ESG tizimi joriy etiladi
ESG Center of Excellence dasturining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi. Shu bilan birga, mamlakatdagi barcha davlat korxonalari xodimlari uchun ESG bo‘yicha o‘zbek va rus tillaridagi onlayn ta’lim platformasi ishga tushirildi. Bu tashabbus davlat korxonalarida xalqaro standartlarni keng joriy etish va barqaror rivojlanish tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida ESG Center of Excellence ta’lim dasturining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz davlat korxonalarida ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillarini keng joriy etish, barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish hamda sohada milliy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslar taqdim etildi.
Tadbirning muhim yangiliklaridan biri sifatida mamlakatdagi barcha davlat korxonalari xodimlari uchun ESG yo‘nalishida masofaviy ta’lim olish imkonini beruvchi onlayn o‘quv platformasi ishga tushirilgani e’lon qilindi.
Mazkur ta’lim dasturi O‘zbekiston Respublikasi davlat korxonalarida xalqaro ESG standartlarini joriy etish va barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida “UzAssets” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Ikki bosqichli o‘quv dasturida mamlakatning yirik davlat kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etib, ESG sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, xalqaro hisobot standartlari, korporativ boshqaruv, ekologik mas’uliyat va ijtimoiy barqarorlikka oid bilim hamda amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar barqaror rivojlanish bugungi kunda davlat korxonalarining raqobatbardoshligini belgilaydigan muhim omilga aylanganini ta’kidladi. ESG tamoyillariga amal qilish investitsiyalar jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi, investorlar ishonchini mustahkamlaydi, shuningdek, kompaniyalarning xalqaro moliya bozorlariga chiqishi, IPO jarayonlarini amalga oshirishi hamda xususiylashtirishga tayyorgarligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ESG xavflarini tizimli boshqarish, korporativ shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy bo‘lmagan hisobotlar sifatini xalqaro standartlar va milliy “yashil iqtisodiyot” strategiyasi talablari asosida takomillashtirish dolzarb vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Mutaxassislar tashqi konsalting xizmatlariga qaramlikni bosqichma-bosqich qisqartirish, davlat kompaniyalarining ichki ekspertlik salohiyatini shakllantirish va institutsional bilimlar bazasini mustahkamlash uzoq muddatli samaradorlik uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-30241]
Ishga tushirilgan ESG Center of Excellence onlayn platformasi davlat korxonalari xodimlariga o‘zbek va rus tillarida zamonaviy o‘quv materiallari, metodik qo‘llanmalar hamda amaliy bilimlardan foydalanish imkonini yaratadi. Bu esa ESG sohasida bilimlarni ommalashtirish va tizimli malaka oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, milliy va xalqaro ekspertlar hamjamiyati, shuningdek, o‘z xodimlarini o‘qishga yuborgan davlat kompaniyalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi.
— Dasturning asosiy maqsadi davlat korxonalarida ESG tamoyillarini keng joriy etish, sohada milliy ekspertlar salohiyatini shakllantirish hamda xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat, - deydi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari Mirkomil Adilov. - Bu orqali korporativ boshqaruv sifatini oshirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini mustahkamlash va davlat kompaniyalarining xalqaro raqobatbardoshligini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Ilk bosqichda yirik davlat korxonalari mutaxassislari ESG yo‘nalishida chuqur nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Ular ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv sohasidagi zamonaviy xalqaro yondashuvlarni o‘zlashtirib, ushbu bilimlarni o‘z tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. ESG standartlarini joriy etish kompaniyalar faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshiradi.
Bu investorlar ishonchini mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi, IPO o‘tkazishi va xususiylashtirish jarayonlariga tayyorgarligiga xizmat qiladi. Ishga tushirilgan onlayn platforma davlat korxonalari xodimlariga o‘zbek va rus tillarida ESG bo‘yicha zamonaviy bilimlarni masofaviy shaklda egallash imkonini yaratadi. Bu ta’lim qamrovini kengaytirish va sohada yagona bilimlar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Masofaviy ta’lim xodimlarga ish jarayonidan ajralmagan holda malakasini oshirish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, ESG bo‘yicha bilimlarni muntazam yangilash va barcha davlat korxonalarida yagona yondashuvni shakllantirish uchun qulay sharoit yaratadi. Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlik xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlarni mamlakatimizga olib kirish, milliy mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda ESG sohasida zamonaviy bilimlar tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Kelgusida dastur doirasida ichki trenerlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, ESG ta’limining ilg‘or bosqichlarini tashkil etish hamda davlat kompaniyalari yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun maxsus o‘quv modullarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Istiqbolda ESG Center of Excellence O‘zbekistonda ESG sohasidagi milliy kompetensiyalar markaziga aylanib, ta’lim, ilmiy-amaliy ekspertlik va barqaror rivojlanish standartlarini keng joriy etishga xizmat qiluvchi muhim platformalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
Farhod Abdurasulov (surat)
O‘zA