Davlat foydasiga 301 milliard so‘m undirildi
Namanganda Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedovning 2023 yilning 6 oyida sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan boshqarma boshlig‘i hisobot berar ekan, shu yilning birinchi yarim yilligida 1,8 trillion so‘mlik 189 mingta hujjat ijrosi ta’minlandi. Shuningdek, davlat foydasiga 301 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Shahar va tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda olib borilgan tadbirlar natijasida 529 milliard so‘mlik soliq undiruvlari bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi ta’minlandi. Yangi tashkil etilgan MIB tumanlararo bo‘limi tomonidan 24 milliard so‘mlik 61 ming 717 hujjat ijrosi tamomlandi.

Hisobot davomida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” bilan bog‘liq jamg‘armalarga 45 milliard so‘m undirilgan mablag‘lar yo‘naltirildi.

– Yana bir muhim masala shundaki, aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida ham tegishli chora-tadbirlar ko‘rmoqdamiz, – dedi sessiya ishida MIB Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov. – Xususan, joriy yilning olti oyida 41 milliard so‘mdan ziyod aliment pullari undirib berildi. Yangi tashkil etilgan jamg‘arma hisobidan 38 nafar undiruvchiga 965 million so‘m pul to‘lab berildi. Mehnat qonunchiligiga rioya qilinmagan holda bo‘shatilgan 18 kishi ishga tiklandi. Ularga to‘lanmay qolgan 5 milliard so‘mlik ish haqi undirildi. Ma’ruzachi o‘z hisoboti davomida aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi chora-tadbirlar va uning natijalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida haftaning shanba kunlari joylarda sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Hisobot yakunida deputatlar hamda mahalliy hokimlik mutasaddilari tomonidan ijro tizimi samaradorligini yanada oshirish yuzasidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA